O‘zbekiston-Yaponiya futbol o‘rtoqlik uchrashuviga chiptalar tekin bo‘ladi

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi mas‘ullariga ko‘ra, O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasining Yaponiyaga qarshi har ikki o‘rtoqlik uchrashuviga kirish ham tekin bo‘ladi.

Ikki Olimpiya milliy terma jamoasi orasida rejalanayotgan o‘rtoqlik uchrashuvining birinchisi 26 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da Toshkentning "Paxtakor" stadionida bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi uchrashuv esa, 29 mart kuniga rejalangan.

"Biz ishqibozlar uchun imkon qadar qulay sharoit yaratish uchun bo‘lajak o‘rtoqlik uchrashuviga kirishni tekin qilishga qaror qildik. Ya‘ni stadionga kelgan muxlislarning chipta olishlari shart bo‘lmaydi," deb aytgan O‘FFning Milliy terma jamoalar markazi rahbari Asqar Tolipjonov.

Milliy terma jamoalar orasidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarining dastlab Yaponiyada bo‘lib o‘tishi rejalangan, ammo 11 mart kuni yuz bergan halokatli tabiiy ofatlar barcha rejalarni chippakka chiqargan.

Yaponiyadagi aksariyat stadionlarning qaqshatqich yer silkinishi va tsunamidan ziyon ko‘rishi oqibatida O‘zbekiston tomoni o‘rtoqlik uchrashuvlarini Toshkentda o‘tkazish taklifi bilan chiqqandi.

Rasman bildirilishicha, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining qarori bilan Yaponiya milliy terma jamoasi hay‘atining Toshkentga kelishi bilan bog‘liq barcha sarf-xarajatlarni ham O‘zbek tomoni ko‘targan.

O‘zbekistonlik mas‘ullarga ko‘ra, bundan tashqari, Yaponiya milliy terma jamoasi a‘zolari va murabbiylar guruhiga madaniy dastur ham namoyish etiladi. Ular mazkur dastur doirasida poytaxt Toshkentning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.

Aynan yuz bergan halokatli tabiiy ofatlar sabab Yaponiya milliy chempionatidagi barcha o‘yinlar bekor qilingan, ayrim o‘rtoqlik uchrashuvlari qoldirilgan, mamlakatda bo‘lib o‘tishi rejalangan Osiyo chempionlar ligasi doirasidagi o‘yinlar taqdiri esa, savol ostida qolmoqda.

23 mart kuni tomonlar ishtirokida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan matbuot anujmani ham Yaponiyada yuz bergan dahshatli tabiiy ofatlar qurbonlarining xotiralariga bir daqiqa sukut saqlash bilan boshlangan.

Yaponiya Olimpiya milliy terma jamoasi hay‘ati rahbari Masaxiro Shimoda o‘rtoqlik uchrashuvlarini uyushtirgani uchun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasiga o‘z minnatdorchiligini ham izhor etgan.

Janob Shimoda, "Yaponiyadagi og‘ir vaziyatga qaramay, 2012 yilgi Yozgi London Olimpiada O‘yinlariga tayyorgarliklarini davom etdirishga qaror qilishgani, O‘zbekiston bilan bo‘lib o‘tajak o‘rtoqlik uchrashuvlarida yorqin o‘yin namoyish etish istagida ekanliklari"ni aytgan.

Yaponiya hay‘ati rahbariga ko‘ra, o‘z o‘yinlari bilan yapon xalqining dahshatli fojealardan o‘ziga kelishida oz bo‘lsa-da hissalarini qo‘shish niyatidalar.

Bu ikki davlat Olimpiya milliy terma jamoalari orasidagi birinchi o‘rtoqlik uchrashuvidir.

Yaponiya Osiyo qit‘asidagi eng kuchli futbol ustunlaridan biri sanaladi. Yaponiya milliy terma jamoasi Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi Osiyo Kubogi o‘yinlarida to‘rtinchi bor qit‘a chempionligini qo‘lga kiritgandi. Bu kabi sharaf hali Osiyo davlatlaridan hech biriga nasib etgan emas.

Yaponiyalik qator futbolchilar Ovro‘po futbolining ta‘mini yaxshigina tatigan va xalqaro tajribaga ega sanalishadi.

Milliy terma jamoaga Olimpiada O‘yinlari yaxshi tanish - yaponiyalik futbolchilar uch marotaba o‘yinlarning chorak finaliga chiqishgan va bir bor bronza medali sovrindori ham bo‘lishgan.

O‘zbekiston tomoni xuddi shu omilni nazarda tutib, bo‘lajak uchrashuvlarda o‘zlariga oson bo‘lmasligi, ammo ajoyib o‘yin ko‘rsatib, o‘z ishqibozlarini xursand qilish niyatida ekanini aytmoqda.

Yaponiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasining 2012 yilgi Yozgi London Olimpiada O‘yinlariga hozirliklarining bir qismidir.

O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi yaqinda Turkiyada to‘rtta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib qaytgandi.

O‘zbekistonlik olimpiyachilar bo‘lajak Olimpiada O‘yinlarining final bosqich bellashuvlariga chiqish huquqini qo‘lga kiritish niyatidalar.

Yaponiya Futbol Federatsiyasining bildirishicha, halokatli tabiiy ofatlardan jabr ko‘rganlarga yordam berish uchun 29 mart kuni Osakada o‘zining yulduz futbolchilari ishtirokida xayriya uchrashuvi ham o‘tkazish rejasidalar.