Rog‘un loyihasi xavfi haqida jiddiy ogoh

O‘zbekistondagi "Gidropoyekt" ochiq hissadorlik jamiyati rahbarining ogohlantirishicha, Tojikistondagi Rog‘un elektrostantsiyasi joriy mavjud loyiha asosida qurilsa mintaqa uchun jiddiy xavfni keltirib chiqarishi mumkin.

Toshkentdagi "Gidroproyekt" markazi mudiri Sergey Jigarevning mahalliy ro‘znomalardan birida chop etilgan maqolasiga "Rog‘un loyihasi Markaziy Osiyo uchun tsunamini anglatadi", deya sarlavha qo‘yilgan.

"Agarda Rog‘un elektrostantsiyasi qurilishi nazarda tutilgan mintaqada kuchli zilzila ro‘y bersa 335 metrlik suv bosimi keskin oshib, to‘g‘on chidam bermay qolishi mumkin va ulkan suv toshqini mintaqa uchun tsunamidek xavfni keltirib chiqaradi", deyiladi janob Jigarev maqolasida.

Bi-bi-sining bu qadar jiddiy ogohlarga qanday asoslar bor, degan savoliga javob berar ekan, janob Jigarev Rog‘un elektrostanitsiyasini qurish rejalangan hududda tektonik bo‘linishlar ko‘p ekanligi sababli seysmik jihatdan xavfli hisoblanishini aytdi.

Tojik rasmiylarining mintaqada 6 balldan yuqori zilzila kutilmasligi haqidagi da‘volarini esa janob Jigalev asossiz, deya aytdi.

Tektonik bo‘linishdan tashqari u yerda tuz qatlami ham paydo bo‘lgan, deb aytdi janob Jigalev.

Unga ko‘ra 9 ballik zilzila ro‘y bergan holatda to‘g‘on buzilsa balandligi 10 metrdan ko‘proq kuchli to‘lqin daryo o‘zani bo‘ylab pastga otiladi va Norak gidrouzelidagi to‘g‘onni ham vayron etish kuchiga ega bo‘lishi mumkin.

"Bizning hisob kitoblarimizga ko‘ra, to‘lqin Orol dengiziga qadar yetib kelishi ham mumkin", deydi "Gidroproyekt" rahbari.

Janob Jigarevga ko‘ra, Rog‘un loyihasini bundan 30 yilcha avval aynan "Gidroproyekt" markazi ishlab chiqqan, lekin bu kabi loyihalarni ishlab chiqish uzoq muddatli jarayondir va vaqt o‘tgan sari yangi omillar va jihatlarni albatta nazarga olish kerakdir.

Mutaxassisga ko‘ra, Rog‘un loyihasining qurilish jarayonida juda ko‘p tabiiy o‘zgarishlar ro‘y bergan.

"Rog‘unning dastlabki loyihasining mualliflaridan biri sifatida hozirda paydo bo‘lgan bir qator yangi omillarning inobatga olinmayotgani meni qattiq xavotirga soladi. Biz loyihani ishlab chiqayotganda bir qator bashoratlar qilingan bo‘lsa, hozirda amalda boshqa omillar mavjud", deydi Sergey Jigalev.

"Gidroproyekt" rahbariga ko‘ra, bu borada ma‘lumotlarni Rog‘un loyihasi bo‘yicha xalqaro tekshiruvlarni o‘tkazgan bir qator shirkat va tashkilotlar e‘tiboriga ham havola qilgan.

Sergey Jigalevning aytishicha, Rog‘un loyihasini qayta ko‘rib chiqib, to‘g‘on balandligini anchayin pasaytirilgan shaklda amalga oshirish maqsadga muvofiqroqdir.

Ana shu holda suvga ehtiyoji bor past oqimdagi mamlakatlar uchun suv tanqisligi yuz berishi ehtimoli va tabiiy ofat natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xavfni ham pasaytirish mumkin.

"Xalqaro mutaxassilar ham to‘g‘on balandligini 175 metrdan oshirmaslik haqidagi fikrga egalar. Shuning uchun Rog‘un qurilishi va keyinchalik ekspluatatsiyasi jarayoniga ham xalqaro mutaxassilar bosh qo‘shishsa maqsadga muvofiqroq bo‘ladi", dedi "Gidroproyetk" markazi rahari Sergey Jigarev.