OXHT Oliy komissari: 'Qirg‘izistondagi milliy nizolar yuzasidan xalqaro tergov muhimdir'

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Milliy ozchiliklar masalasi bo‘yicha Oliy komissari Knut Vollebek O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashuvi chog‘ida Qirg‘izistondagi iyun qirg‘ini yuzasidan mustaqil xalqaro tergovning nihoyatda muhimligini yana bir bor ta‘kidladi.

2010 yilning iyun oyida Qirg‘izistonning janubiy O‘sh va Jalol-Obod mintaqalarida kelib chiqqan qonli milliy nizolarda minglab kishilar qurbon bo‘lgan, tan jarohati olgan va minglab binolar vayron bo‘lgandi.

Etnik zo‘ravonliklarda jabr ko‘rganlarning aksariyati o‘zbeklar ekani aytiladi.

O‘tgan yili Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Parlament Assambleyasida qilgan nutqida janob Vollebek, "g‘alayonlar ildizini topib, uni yo‘q qilmay va javobgarlarni mahkamaga tortmay turib, Qirg‘izistonda uzoq muddatli barqarorlik o‘rnatish mumkin emas"ligini aytgandi.

Xalqaro tashkilot vakiliga ko‘ra, Qirg‘iziston janubida nimalar yuz berganini sinchiklab o‘rganmay turib, oldinga qadam bosib bo‘lmaydi.

Knut Vollebokning aytishicha, bu narsaga faqat mustaqil, xalqaro hay‘atning yordami bilan erishilishi mumkin, xolos.

Janob Vollebok Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklar qirg‘iz harbiylari, favqulodda xizmatlari va adliya tizimiga ishonchlarini yo‘qotganlari, shu bois ham mahalliy miqyosda o‘tkazilgan tekshiruv ishlari ikki millat aholisi orasida sulhu madorani qaror toptira olmasligini ham urg‘ulagandi.

Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyevaning so‘rovi bilan olib borilgan mustaqil xalqaro tekshiruv natijalari esa, hali-hanuz e‘lon qilinganicha yo‘q.

Tergov xulosalarining shu kunlarda oshkor qilinishi kutilgan, ammo kuni-kecha uning yana bir oyga kechiktirilishi bildirilgandi.

Bunga qirg‘izistonlik mas‘ullarning xulosalarni o‘rganish uchun ko‘proq vaqt berishlarini so‘rab, qilgan murojaatlari sabab bo‘lgani ham aytilgandi.

O‘tgan yilning sentyabr oyida BMTning Taraqqiyot sammitida so‘zlagan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ham Qirg‘iziston janubidagi so‘nggi qonli hodisalar yuzasidan mustaqil xalqaro tekshiruv o‘tkazishga chaqirgandi.

O‘zbekiston rahbari faqat mustaqil xalqaro tekshiruvgina qirg‘izlar bilan o‘zbeklar o‘rtasidagi yarashuvga yetaklovchi yo‘l ekanini, bunday tekshiruvsiz qonli hodisalar yana takrorlanishi mumkinligini aytgandi.

O‘zbekiston matbuotining xabar berishicha, janob Vollebek O‘zbekistonning iyun voqealari chog‘ida tutgan mavqeiga ham yuqori baho bergan.

Unga ko‘ra, O‘zbek tomonining og‘ir-bosiq yondashuvi mojarolarning xalqaro nizolarga aylanib ketishining oldini olgan.

Iyun qirg‘ini paytida O‘zbekiston Qirg‘iziston janubidan qochib o‘tgan yuz mingga yaqin qochqinlarga o‘z hududidan vaqtinchalik boshpana ham bergandi.

OXHT yuqori martabali mulozimi O‘zbek rasmiylari bilan yana tomonlarni qiziqtirgan qator masalalarni ham muhokama etgan.