O‘zbekistonda kommunal to‘lovlar narxi oshgan

Image caption Narx oshishi eng avval nafaqadagilarga ta‘sir qiladi deyilmoqda

Bugundan boshlab O‘zbekistonda kommunal to‘lovlar elektr energiyasi, issiq suv va tabiiy gaz uchun narxlar oshgan.

Toshkent shahrida jamoat transportida qatnov narxi ham yigirma foizga yuqorilagan.

"Toshshahartransxizmat" uyushmasi har galgiday narx oshishini yonilg‘i va ehtiyot qismlar bahosining ortishi bilan izohlagan.

O‘tgan yil dekabr oyida Prezident Karimov eng kam ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini oshirish haqida farmon chiqargan edi.

Farmonga ko‘ra,mamlakatda eng kam ish haqi 49735 so‘m yoki valyutaning "qora bozor" kursida 20 AQSh dollaridan ziyodroqni tashkil etadi.

O‘tgan yil oxiridan O‘zbekistonda yoshga doir pensiya hamda bolalikdan nogiron insonlarning oylik nafaqasi miqdori eng kamida 97285 so‘m yoki 40 dollarni tashkil etishi ko‘zda tutilgan edi.

Prezident farmonida maosh va nafaqalar "aholining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida" oshirilayotgani ta‘kidlangandi.

Ammo O‘zbekistondagi mustaqil narx-navodagi so‘nggi o‘zgarishlar aholining eng kam himoyalangan qatlami ro‘zg‘orini yana ham kemtikroq qiladi.

BBC bilan suhbatda bo‘lgan Toshkentlik o‘qituvchilardan biriga ko‘ra, narx oshishi hukumat mulozimlari, badavlat tadbirkorlardan tashqari deyarli barchaning ro‘zg‘orini qiyinlashtirishi tayin.

" Hukumat mulozimi ishga davlat mashinasida boradi, boshida "tomi" bor tadbirkorlar shahar transportidan foydalanmaydi... Ular maoshdan maoshgacha yashashmaydi, kommunal to‘lovlar oshishi ham faqat shularga ta‘sir etmaydi. O‘zbekistonda kim ko‘p, kambag‘al ko‘p! Ularni o‘ylashmaydi," deydi toshkentlik o‘qituvchi.

Image caption Yuz minglab o‘zbeklar Rossiyada mardikorlik ortidan ro‘zg‘or tebratishadi

Iqtisodchi Jahongir Shosalimovga ko‘ra, hukumat narxlarni oshirishga majbur bo‘layotgani g‘aznaning bo‘shab borayotganidan darak beradi.

"Iqtisodiy islohotlar vaqtida o‘tkazilmadi, hozir ham davlatning kuchli iqtisodiy rejasi yo‘q, natijada barcha og‘irlik xalqning gardaniga tushmoqda," deydi u.

O‘zbekiston viloyatlaridan birida istiqomat qiladigan onaxonning aytishicha, bugungi narx-navolar bilan O‘zbekistonda beriladigan maoshlar solishtirilsa, mamlakatda normal ro‘zg‘or qilish mumkin emas.

"Qishlog‘imizda qo‘lidan ish keladigan yoshu qari erkaklarning yarmidan ko‘pi Rossiyada mardikor... Yaxshiyam, shu Rossiyasi bor ekan, uch-to‘rt so‘m jo‘natib turishadi. O‘zimning ikki o‘g‘lim Rossiyada, xo‘jayinim salomatligi yomonlashib qishda qaytishga majbur bo‘ldi. O‘g‘illarim shu yerda bo‘lishsa, bilmadik qanaqa qilib kun kechirardik..." deydi onaxon.