Toshkentdagi mahkama huquq faoli Abdullo Tojiboy o‘g‘liga qariyb 3 yarim million so‘m jarima soldi

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Toshkentdagi Hamza tuman mahkamasi inson huquqlari faoli Abdullo Tojiboy o‘g‘liga "o‘rtacha oylikning 70 barobari" miqdorida jarima solingani to‘g‘risida qaror chiqargan.

"Bu taxminan 3 yarim million so‘mni tashkil qiladi. Ertaga sud qarorini olaman va o‘sha sudiyaning chiqargan qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi shikoyat xatini yozib, murojaat etaman", deydi inson huquqlari faoli.

Abdullo Tojiboy o‘g‘li dushanba kuni "Quyluq" bozori yaqinida mardikorlar bilan uchrashayotgan mahal qo‘lga olinib, Hamza tuman ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan va Ma‘muriy Kodeksning 201 moddasi bo‘yicha mahkamaga tortilgan.

"Manga Ma‘muriy Kodeksning 201 - moddasining 1 - qismi qo‘yildi. Bu, ya‘ni, mitinglar qilish, ko‘chada ko‘pchlik bilan harakat qilish, keyin, yig‘in o‘tkazish ayblovini qo‘yishdi. U yerda, masalan, miting o‘tkazganim yo‘q. Men ularning, har bitta so‘ragan odamning konstitutsion va insoniy huquqlar borasidagi savollariga javob berdim. Bu miting emas", deydi Abdullo Tojiboy o‘g‘li.

BBCga gapirgan inson huquqlari faolining aytishicha, u "Quyluq" bozori yaqinidagi mardikorlar bilan ularning shikoyatlari asosida uchrashgan va ular bilan konstitutsiyaviy haq-huquqlari borasida suhbat o‘tkazayotgan bo‘lgan.

Huquq faoliga ko‘ra, mardikorlar, asosan, doimiy pasport nazoratidan shikoyat qilishgan.

Ammo, Abdullo Tojiboy o‘g‘li mardikorlarni bir kunlik ish bilan ta‘minlovchi birja rahbariyati xonasiga chaqirilgan va uni mardikorlarni "qo‘zg‘olonga da‘vat etgan"likda ayblashgan.

Inson huquqlari faoliga ko‘ra, keyin u yerga shahar ichki ishlar bo‘limining terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimlari yetib kelishgan.

Abdullo Tojiboy o‘g‘lining aytishicha, mahkama jarayonida unga himoyachi berish va ayblov xulosasi bilan tanishish borasidagi talablari qondirilmagan.

Abdullo Tojiboy o‘g‘liga bundan oldin ham ruxsat etilmagan piketlari o‘tkazganlikda aybdor topilib, uch marta jarima solingan. Huquq himoyachisiga ko‘ra, hozir jarimalarning umumiy miqdori 15 million so‘mni tashkil etadi.