Ekspert Ishchi guruhi: Surxandaryoda norozilik kayfiyatlari o‘sib bormoqda

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

O‘zbekistondagi Ekspert Ishchi guruhi tomonidan chiqarilgan hisobotga ko‘ra, Surxandaryo viloyatida mavjud vaziyatdan ommaviy norozilik kayfiyatlari o‘sib bormoqda.

Hisobotda aytilishicha, avgust oyiga rejalangan "Barkamol avlod" deb nomlangan sport musobaqalariga tayyorgarliklar manzarasida vaziyat yanada yomonlashgan.

Ekspert Ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilovning aytishicha, mana shu tayyorgarliklar ishlariga aholining ba‘zi qatlamlari majburiy ravishda jalb qilinmoqda.

"Bunga misol sifatida o‘rta maktablar, akademik litseylar, kollejlar va oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari hamda talabalarni keltirish mumkin. Ular 10-15 kungacha shu viloyatda joylashgan sport ob‘ektlarini oqartirish, tozalash va qayta ta‘mirlash ishlariga majburan jalb etilyapti. Va ularning mana ishlarga qatnashishlariga ketadigan xarajatlar hech kim tarafidan qoplanmayapti".

Bundan tashqari, Suhrob Ismoilovga ko‘ra, o‘qituvchilarning 10 foizdan 20 foizgacha bo‘lgan maoshlari joylardagi hokimiyatlar talabi bilan bank tarafidan ushlab qolinyapti va bu ham musobaqalarga tayyorgarlik ishlari uchunligi aytilgan.

"Biz yana haydovchilarning ham fikrlarini oldik. Keyingi paytlarda aynan shu musobaqaga ro‘kach qilinib, joylardagi davlat inspektsiyasi xodimlari duch kelgan haydovchini to‘xtatib, 5 mingdan 10 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorda pul talab qilishyapti. Bularni go‘yoki jarima sifatida rasmiylashtirib, bu pul ham, shu xodimlarning so‘zlariga qaraganda, go‘yoki shu viloyatda ketayotgan musobaqalarga tayyorgarlik ishlariga kerak emish".

Ekspert Ishchi guruhining aytishicha, aynan mana shu hodisalar doirasida aholining kayfiyatlari o‘rganilgan, ammo kuzatuvlar bunday noroziliklar asosan joylardagi sudlarning adolatsizligi va shunga o‘xshash shikoyatlarni o‘z vaqtida ko‘rib, odil bir qaror chiqaradigan ma‘muriy organlarning samarali ishlamasligi tufayli juda ko‘pdan beri yig‘ilib kelyapti.

"Bu qanday natijaga olib kelishini biz aniq ayta olmaymiz. Lekin, umumiy bitta xulosa chiqaradigan bo‘lsak, bunday holat bilan to‘qnash kelgan aholi guruhlari buning hammmasini markaziy hukumatning buyrug‘i, topshirig‘i bilan bo‘layotgan narsa, qolaversa, Prezident yoki Bosh vazirning topshirig‘i bilan bo‘layotgan narsa, deb baholashyapti. Odamlarda mana shunaqa kayfiyat uyg‘onyapti", deydi Ekspert Ishchi guruhidan Suhrob Ismoilov.

Ammo, uning aytishicha, noroziliklar ortida bundan ham kengroq sabablar bor. Bunga fermer xo‘jaligi va mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi ziddiyatlarni misol qilib keltirish mumkin.

"Har qanday bu kabi holatlar ortidan aholining markaziy hokimiyatga bo‘lgan ishonchi so‘nyapti, desak bo‘ladi", deydi Suhrob Ismoilov BBC bilan suhbatda.

Ekspert Ishchi guruhi boshqa viloyatlardagi vaziyatni ham o‘rganishga harakat qilingani va Farg‘ona vodiysida, xususan, Andijonda qishloq aholisi, maktab yoshidagi bolalarni "pilla yetishtirishga majburiy" jalb qilish jarayonlari boshlanib ketgan.