Human Rights Watch: 'O‘zbekiston elchining ovozini o‘chira olmaydi'

Image caption "Xyuman Rayts Votch" vakili o‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda "fundamentalizm"da ayblanib, minglab insonlarning qamoqqa tashlanganliklarini aytadi

"Human Rights Watch" xalqaro inson haqlarini saqlash tashkilotining Toshkentdagi bo‘limi rahbari Stiv Sverdlov O‘zbekistonda faoliyat olib borishlariga rasman ruxsat berilmagan bo‘lsa ham, u yerdagi huquqbuzarliklar haqida xabar berishda davom etishlarini aytgan.

Stiv Sverdlovning "New York Times" gazetidagi chiqishi O‘zbek hukumatining Toshkentdagi idoralarini yopish qaroriga munosabat o‘laroq yangraydi.

"O‘tgan yil oxirlarida O‘zbek hukumati mamlakatda faoliyat olib borishim uchun akkreditatsiya bermadi va endi esa, vakolatxonamizni yopishga majbur qildi. Tashkilotimizning 33 yillik faoliyati davomida bunaqasi bo‘lmagan," deydi Stiv Sverdlov.

- O‘zbek hukumati biror bir rasmiy izoh keltirmagan bo‘lsa ham, bu xususda ancha avval qaror qilgan ko‘rinadi. Boshqa tomondan, ularning O‘zbekistondagi huquqbuzarliklar borasida hech kimning xabar bermasligini istashlari ham yillar davomida ayon edi. Deylik, o‘tgan olti yil davomida Toshkentdagi vakillarimizga viza berilmadi yoki kechikib berildi. Ularning akkreditatsiya olishlari ham imkonsiz bo‘ldi, deya so‘zlarida davom etadi u.

Xalqaro tashkilot vakili O‘zbek hukumati nafaqat ularning idorasini yopishga uringani, balki mahalliy inson haqlarini saqlash tashkilotlarining faoliyatini ham yaqindan kuzatib borishini ta‘kidlaydi.

Ichki ahvol

- O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tgan yagona mahalliy inson huquqlari tashkiloti "Ezgulik" bo‘lsa, ular ham muntazam tazyiq ostidalar. O‘zbekistonlik faollar kundalik po‘pisalar, doimiy kuzatuv xavfi ostida, amaldagi uy qamog‘i sharoitida, chiqish vizalarini ololmay, fuqaroviy yoki jinoiy ayblarga yuz tutish ehtimollariga qaramay, o‘z faoliyatlarini olib borishadi, deydi muallif "New York Times" gazetidagi maqolasida.

Stiv Sverdlov o‘z maqolasida, O‘zbekistonda "O‘ndan ortiq inson huquqlari xodimlari, qator siyosiy faollar va jurnalistlar qamoqxonada ekanliklari, ulardan aksariyatining sog‘liqlari nihoyatda yomon ekani va ba‘zi birlarining qiynoqlarga solinganliklarini" ham keltirib o‘tadi.

Muallif yana, "2004 yildan buyon hukumat deyarli barcha xalqaro nohukumat tashkilotlarini O‘zbekistondan chiqarib yuborganligi"ni ham aytadi.

Stiv Sverdlovga ko‘ra, "O‘zbek hukumati aksariyat xalqaro axborot agentliklarining O‘zbekistondan xabar berishlariga to‘sqinlik qilgan, mamlakatda qolayotgan sanoqli mustaqil jurnalistlar ham katta miqdordagi jarima yoki qamoq jazosi bilan yakunlanuvchi "bo‘hton qilish" tahdidi ostida faoliyat olib borishadi.

Qiynoqlar

Xalqaro tashkilot vakili, yana, o‘tgan yillar davomida O‘zbek hukumati "fundamentalizm"da ayblab, minglab kishilarni qamoqqa tashlagani va ulardan aksariyatini qiynoqqa solganligi haqida ham yozadi.

Minglab maktab o‘quvchilarini yiliga ikki oylab paxta-yig‘im terimiga jalb etilishi haqida ham to‘xtalib o‘tadi.

Maqolada yozilishicha, "O‘zbekiston hibsxonalari va qamoqxonalarida qiynoq va nomaqbul munosabatda bo‘lish hollari keng tarqalgan".

Xalqaro tashkilot vakiliga ko‘ra, hibsxonalardagi qiynoq hollariga qarshi muhim to‘siq sifatida ko‘rilgan huquqiy tekshiruv (habeas corpus) ishlari O‘zbekistonda na-da nazariyada va na-da amaliyotda mavjud.

Ko‘pchilik olib borilishini istagan "islohot"lardan bir yil o‘tib, O‘zbek hukumati mustaqil huquqshunoslar uyushmasidan bo‘lgan qoralovchilarga litsenziya berish vakolatini Adliya vazirligiga berdi. Buning oqibatida esa, siyosiy qaltis ishlarda mahbuslarni namoyon etib kelgan aksariyat mustaqil huquqshunoslar bir chetga chiqib qolishdi, deydi muallif.

Omillar

Stiv Sverdlov bunga qisman Afg‘oniston bilan chegaradoshligi va tabiiy gaz zaxiralari tufayli O‘zbekiston bilan qayta siyosiy muloqot yo‘lini tutayotgan G‘arb davlatlari ham aybdor, deydi.

Unga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi so‘nggi hodisalar "do‘stona avtokrat"larni ko‘r-ko‘rona dastaklash kalta o‘ylangan va aksilsamara beruvchi ish ekanligini ko‘rsatgan.

"AQSh va Ovro‘po Ittifoqi o‘z mavqe‘larini qayta ko‘rib chiqib, O‘zbekistonga o‘z xalqiga shafqatsiz munosabatda bo‘lish va xalqaro matbuotning yo‘liga to‘sqinlik qilish qimmatga tushishini ochiq bildirib qo‘yishlari lozim," deydi o‘z maqolasi so‘nggida "Xyuman Rayts Votch" xalqaro tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Stiv Sverdlov o‘z maqolasining so‘nggida.