Ovro‘po Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasini Toshkentda muhokama etishmoqchi

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, 7 aprel kuni Toshkentda Ovro‘po Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan sheriklik yangi strategiyasining hayotga qanday tatbiq etilayotgani muhokama etiladi.

Ovro‘po Ittifoqining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligiga bag‘ishlangan Yangi sheriklik strategiyasi 2007 yilda ittifoqqa raislik qilgan Olmoniya tomonidan taqdim etilgan, bu 2005 yildagi Andijon xunrezligi ortidan O‘zbekistonga nisbatan jazo choralarini kiritgan Ovro‘po Ittifoqining keyingi qadamlari qanday bo‘ladi deb kutib turilgan paytga to‘g‘ri kelgan edi.

Ovro‘po mulozimlari o‘zlarining yangi strategiyalarida rasmiy Toshkent bilan muloqotlarni faollashtirish vositasida O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvolini yaxshilash, demokratlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga undash maqsad qilinganini aytgan edilar.

Ayni paytda ushbu qadam Ovro‘poning Markaziy Osiyo mintaqasidagi tabiiy boyliklarni to‘laligicha Rossiya bilan Xitoyning "qo‘liga berib qo‘ymaslik" yo‘lidagi harakatlari sifatida ham talqin etildi.

Markaziy Osiyo bilan yangi sheriklik mintaqa mamlakatlari bilan keng miqyosdagi hamkorlik rejalarini qamrab olgan, bu rejalarda Ovro‘po Ittifoqi besh mamlakatga 2012 yilgacha ko‘rsatadigan moliyaviy ko‘maklari miqdorini ikki baravar oshirish mo‘ljallangan.

Toshkentga Ovro‘po Ittifoqi hay‘ati tarkibida ittifoqqa raislik qilib turgan Mojariston Tashqi ishlar vaziri Yanosh Martini, Ovro‘po Ittifoqining Taraqqiyot komissari Andris Piyebalgs hamda ittifoqning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Pier Morel borishi xabar qilingan.

Ular Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston tashki ishlar vazirliklari hay‘atlari a‘zolari bilan muzokara o‘tkazishadi.