Prezident Islom Karimov Nursulton Nazarboyevni qayta saylanishi bilan tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti qo‘shni qozog‘istonlik hamkasbini yana bir bor prezident etib saylanishi bilan tabriklarkan, prezidentlik saylovlari natijalari qozoq xalqining o‘z rahbariga bo‘lgan yuksak ishonchi va dastagidan dalolat ekanini aytgan.

Islom Karimov prezident Nursulton Nazarboyevga tabrik yo‘llanmasida uzoqni ko‘ra biladigan siyosatchi va rahbarning boy tajribasi bundan keyin ham Qozog‘istonning manfaatlariga xizmat qilishini urg‘ulagan. Bundan tashqari, har ikki davlat va xalq qo‘shnichilik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishini ham aytgan.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘tgan yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda rasman 95 foizdan ortiqroq ovozlarni qo‘lga kiritib, yana besh yillik muddatga mamlakat prezidenti etib saylangandi.

Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev Markaziy Osiyo davlatlarida rahbarliklari eng uzoqqa cho‘zilgan davlat rahbarlari sanalishadi.

Ham O‘zbekiston va ham Qozog‘iston prezidentlari o‘z mamlakatlarini Sho‘rolar Ittifoqining so‘nggi yillaridan buyon boshqarib kelishadi. Va orada bo‘lib o‘tgan barcha prezidentlik saylovlarida ham yirik hisob bilan g‘alaba qozonganliklari e‘lon qilingan.

Markaziy Osiyodagi eng boy va qudratlilaridan deb sanalgan bu ikki davlat yillarki mintaqada ta‘sir va mavqe‘ jihatdan birinchi bo‘lishga urinib kelishadi.

Shu bois, mahalliy kuzatuvchilar ham ikki prezident orasidagi munosabatlar hech qachon iliq bo‘lmaganini urg‘ulashadi.

Ikkovlonning rahbarlik modellari va mintaqani rivojlantirishga oid strategiyalari-da bir-biridan farq qiladi.

Tahlilchilar O‘zbekistondan farqli tarzda "ko‘p qutbli" tashqi siyosat olib borayotgan prezident Nazarboyevning o‘tgan 19 yil badalida Qozog‘istonga 120 milliard dollar hajmida xorijiy sarmoya kiritishga muvaffaq bo‘lganiga e‘tibor qaratishadi.

Lekin har ikki davlat ham Rossiya boshchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi va Shanxay Hamkorlik Tashkilotlariga a‘zo. Biroq O‘zbekiston rasmiy Kremldan muayyan masofa saqlagan holda, KXShTining barcha tashabbuslariga ham qo‘shilavermaydi.

Ammo mintaqaning xavfsizligi har ikki davlatni birdek o‘ylantirib kelayotgan muammolardan biri sanaladi. O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham islomiy ekstremizm va Tolibon xavfining oldini olish uchun xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi amaliyotlarini dastaklab kelishadi.

Mintaqaviy iqtisodiy tahlilchilar esa, O‘zbekiston va Qozog‘iston bir-birlarining iqtisodlarini to‘ldirishlari mumkinligi omiliga e‘tibor qaratishadi.

Ular mintaqada aholisi eng katta sonda bo‘lgan O‘zbekiston iqtisodi ancha ilg‘or bo‘lgan Qozog‘istonni yosh, arzon va ortib borayotgan ishchi kuchi bilan ta‘minlashi mumkinligiga ham diqqat qilishadi.

Biroq, kuzatuvchilarga ko‘ra, bu ikki davlat orasidagi diplomatik va iqtisodiy aloqalar bu yaqin orada gullab-yashnaydigandek ko‘rinmaydi.

O‘z boshqaruvini deyarli o‘ttiz yilga yetkazgan saylovlardagi g‘alabasi ortidan Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyevni yana Rossiya prezidenti va Bosh vaziri, Belarus, Tojikiston va Frantsiya prezidentlari ham qutlashgan.

Nursulton Nazarboyev ertaga - 8 aperl kuni Qozog‘istonning yangi prezidenti etib qasamyodga keltiriladi.