AQSh hukumati O‘zbekistondagi "o‘ta jiddiy" inson haqlari vaziyatidan xavotirda

Image caption Hisobotda o‘zbek qamoqxona va hisbxonalarida davom etayotgan qiynoqlar batafsil tasvirlangan

AQSh Davlat Departamenti o‘zining inson huquqlari borasidagi yillik hisobotida O‘zbekistonni "inson huquqlari o‘ta jiddiy tahqirlanadigan" mamlakatlar safiga qo‘shgan.

2010 yilda jahon bo‘ylab inson haqlari ahvolini baholaydigan hujjatda O‘zbekiston Fil Suyagi Qirg‘og‘i, Sudan, Zimbabve, Birma, Xitoy, Shimoliy Koreya, Belarusь, Rossiya va Afg‘oniston kabi mamlakatlar bilan bir bo‘limga joylashtirilgan.

O‘zbekiston ilk marotaba jahon hamjamiyati tomonidan ixotalab qo‘yilgan Zimbabve, Birma va Belarusь kabi davlatlar yonidan joy olayotgani yo‘q.

Hisobot inson haqlari bilan bog‘liq vaziyat o‘tgan yil ayniqsa Bahrayn, Liviya va Suriyada yomonlashganini ta‘kidlaydi. Ayni mamlakatlar hozirda aksil-hukumat namoyishlari ichida qolgan, biroq hisobot bu g‘alayonlar yorqinroq kelajakdan umidvor etishini aytadi.

Hujjat taqdimoti marosimida nutq so‘zlagan AQSh Davlat Kotibi Xillari Klinton AQSh rasmiylari oxirgi bir necha oy davomida "Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, hamda umuminsoniy inson huquqlariga hurmatni va tinch yo‘ldagi demokratik o‘zgarishlarni talab qilgan boshqa repressiv rejimlardagi faollarning jasoratidan ilhomlanishgan"ini aytgan.

AQSh Davlat Departamenti hisobotida ayniqsa yanvar va fevral oylarida prezidentlari ag‘darilgan Tunis va Misrdagi voqealar yoritilgan. Unga ko‘ra, mazkur voqealar butun mintaqani yaxshi tomonga o‘zgartirishi mumkin.

O‘zbekistondagi qiynoqlar

Hisobot 2010 yilda O‘zbekistonda qiynoqlar qo‘llanishi davom etganini aytadi.

"Konstitutsiya va qonunlar bu kabi tajribani man etsada, huquq-tartibot idoralari va xavfsizlik kuchlari zobitlari mahbuslardan iqrornomalar yoki ma‘lumot olish uchun ularni muntazam ravishda do‘pposlashgan yoki boshqa yo‘l bilan tahqirlashgan", -deyiladi hisobotda.

AQSh hujjatining manbalari qiynoqlar va tahqirlashlar o‘zbek qamoqxonalari va hibsxonalarida oddiy holat ekanini aytishgan.

"Xabar qilingan qiynoq usullari sirasiga qattiq do‘pposlash, ovqatdan mahrum qilish, jinsiy tahqirlash, qo‘llarini bog‘lab osib qo‘yish va elektroshok kiradi. Mahbuslarning oila a‘zolari bir necha bor tibbiyot xodimlarining tahqirlashlaridan shikoyat qilishgan. Bir kishi ruhiy muolajaga majburlangan", - deydi hisobot.

Hujjatga binoan o‘zbek mahkamalari sudlanuvchilarning tergov vaqtida qiynoqlarga tutilayotganlari borasidagi da‘volarini rad etishda, yoki zobitlarni jazosiz qoldirishda davom etmoqda.

"Mart oyida diniy ekstremizmda ayblangan 25 sudlanuvchidan 12 nafari Jizzax mahkamasiga hibsxonada qiynoqlarga solinganlarini xabar qilishgan. Mahkama tergov o‘tkazilishini buyurgan, biroq qiynoq alomatlari yo‘q deya xulosa qilgan", - deyiladi hisobotda.

Inson haqlari hisoboti qiynoq da‘volari rad qilingan bir qator mahbuslarning misolini ham keltiradi.

"29 martda Buxoro mahkamasi Qurbon Qodirovni diniy ekstremist guruh a‘zosi sifatida aksil-konstitutsiyaviy faoliyatda ishtirok etganlikda ayblagan va sakkiz yillik qamoq jazosini bergan. Mahkama Qodirovning o‘zi tergov davrida qiynoqqa tutilgani uchungina iqrornomaga imzo chekkani borasidagi shikoyatlarini hisobga olmagan", - deydi hisobot.