Alisher Usmonov Arsenal futbol klubidagi 27% hissasini Stan Kryonkega sotmoqchi

Image caption Shu davrgacha Alisher Usmonov Arsenal klubidagi hissalarini oshirish niyati ekani aytib kelinardi

O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan milliarder Alisher Usmonov Londonning Arsenal klubidagi 27 foiz hissasini klubning eng yirik hissadori Stan Kryonkega sotishni hisobga olayotganini bildirgan.

Bu haqida Britaniyada chop etiluvchi Goal.com veb sahifasi xabar qilgan.

Usmonov janoblari va uning biznes sherigi Farhod Moshiriy Arsenalning ikkinchi eng yirik hissadorlari hisoblanadi. Ularning hissasi Kryonkening klub ustidan butkul nazoratni olishi uchun o‘ta muhimdir.

Bir kun avval britan matbuotida chop etilgan xabarlarda amerikalik milliarder Stan Kryonke Arsenaldagi hissalari miqdorini 62 foizga yetkazgani va klub ustidan butkul nazoratni qo‘lga kiritishga urinayotgani yozilgandi.

Goal.comning Usmonovga yaqin manbalarda iqtibos keltirib yozishicha, Alisher Usmonov Kryonkening savdo amallaridan umuman bexabar bo‘lgan.

Usmonovga tegishli Red and White Holdings shirkatiga Kryonke har bir hissa uchun 11,750 funt (19,096 dollar) taklif etgan. Usmonov o‘tmishda o‘z hissalarini sotish niyati yo‘qligini aytgan esada, Kryonke taklifini rad etish qiyin bo‘lishi mumkin.

Usmonovning o‘zi Arsenaldagi hissalarini turli manbalardan ancha arzonroqqa sotib olgan va Kryonke taklifiga ko‘nsa, yaxshi daromad ko‘rishi mumkin.

"Biz taklifni ko‘rib chiqayapmiz. Ammo, hozircha aniq bir muddatni belgilamadik", - deb aytgan Usmonovning Red and White shirkati vakili Goal.com nashriga.

Usmonov Arsenalning yirik hissadorlaridan sanalsada, u klubning kundalik faoliyatiga ta‘sir eta olmaydi.

Unga London shimolidagi Emirates stadionining direktorlar ayvonida to‘rtta joy ajratilgan, ammo u Arsenal direktorlar kengashiga taklif etilmagan.