Andijonda xususiy miniavtobuslar xizmatiga ta‘qiq qo‘yildi

Image caption Andijon shahrida aholiga asosan "Damas" miniavtobuslari transport xizmatini ko‘rsatib kelayotgandi

Andijon shahridan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, shaharda xususiy miniavtobuslar xizmatiga ta‘qiq qo‘yilgan.

Andijon viloyati hokimi Nurillo Alimov buyrug‘iga muvofiq, shahar aholisiga xizmat ko‘rsatgan "Damas" rusumli xususiy mikroavtobuslar o‘rniga "Isuzu" rusumli o‘nlab avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.

Andijon shahrining 300 mingdan ortiqroq aholisiga hozirga qadar yuzlab xususiy miniavtobuslar xizmat ko‘rsatib kelayotgandi.

"Andijon viloyatida aholi maskanlari kommunal infratizilmasini rivojlantirish haqidagi" O‘zbekiston prezidenti qaroriga muvofiq, joriy yildan boshlab 2015 yilga qadar Andijon shahrining o‘zida ikki yuzta Samarqandda ishlab chiqilgan "Isuzu" avtobuslari qatnovi yo‘lga qo‘yilishi lozim.

Mahalliy kuzatuvchilar hozircha shahar aholiga 70 ga yaqin "Isuzu" avtobuslari xizmat ko‘rsatayotganini aytishadi.

Natijada, ularning ta‘kidlashicha, shahar aholisi harakatida qiyinchiliklar yuzaga kelgan.

Andijon shahri aholisiga ko‘ra, yangi tartib kuchga kirishi ortidan shahar tranport qatnovi deyarli izdan chiqqan, ko‘plab odamlar o‘zlari istagan manzillarga piyoda ketishga majbur bo‘lganlar.

Bundan tashqari litsenziya asosida xususiy taksichilik bilan shug‘ullangan yuzlab odamlar ishsiz qolgan.

Biroq, andijonlik inson huquqlari faoli Saidjahon Zaynobiddinovning aytishicha, shahar tranpsort xizmatidagi "o‘zgarishlar ta‘siri haqida xulosa qilishga hali erta".

Unga ko‘ra, hozirga qadar shahar transport tizimida "tartibsizlik" hukmron edi.

"Shaxsiy "Damas" egalari o‘zlari istagan yo‘nalishda va o‘zlari istagan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishardi," deydi Saidjahon Zaynobiddinov.

Uning ishonishicha, shaharda aniq yo‘nalish bo‘yicha avtobus qatnovining yo‘lga qo‘yilishi kelajakda aholiga xizmat ko‘rsatishni yaxshilashi mumkin.