Moskvada “er ostida joylashgan muhojirlar shaharchasi” topildi

Image caption Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Moskva shahrida kamida 250 ming mehnat muhojiri yashaydi

Moskvada "er ostida joylashgan muhojirlar shaharchasi" topilgan.

Politsiya va migratsiya xizmati xodimlariga ko‘ra, ular Moskva g‘arbidagi "er osti shaharchasida" 150 nafarga yaqin noqonuniy mehnat muhojirini qo‘lga tushirganlar.

Mehnat muhojirlari O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari ekani aytiladi.

Politsiya rasmiylariga ko‘ra, muhojirlar tikuvchi mashinalari uchun igna va to‘g‘nog‘ich ishlab chiqaruvchi korxonada ishlashgan.

Ushlanganlarning vatanlariga deportatsiya etilishi kutilmoqda.

Muhojirlar "er osti yotoqxonasi" to‘rt metrlik beton devori bilan o‘rab olingan bo‘lib, tikuvchilik mashinalari uchun igna va to‘g‘nog‘ich ishlab chiqaradigan korxona hududida joylashgan.

Moskva migratsiya xizmatining matbuot kotibi Zalinia Kornilovaning aytishicha, ushlangan muhojirlarning aksari ayollardan iborat va ularning ko‘pchiligi yil davomida biror marotiba ham "er osti shaharchasi" hududidan tashqariga chiqmagan.

Markaziy Osiyolik muhojirlar ushlangan korxona yonida S-300 va S-400 rusumidagi raketa komplekslari ishlab chiqaradigan Moskva radiotexnika zavodi joylashgan.

Qo‘lga olingan muhojirlarning aksari vatanlariga deportatsiya etilishi kutilmoqda.

Migratsiya rasmiylariga ko‘ra, xorijiylarni ishga yollagan korxona amaldorlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin.

Rossiya qonunlariga muvofiq, noqonuniy ishlagan muhojirga 5000 rubl, ya‘ni taxminan 175 dollar jarima solinadi.

Ish beruvchi korxona esa har bir noqonuniy mehnat muhojirini ishga yollagani uchun 800 000 rublgacha (29000 dollar) jarima to‘lashi lozim bo‘ladi.

Moskvada noqonuniy muhojirlar yashirin yashab ishlayotgan "er osti yotoqxonasi" ilk marotiba topilayotgani yo‘q.

Joriy yilning fevral oyida Moskvaning Kiyev vokzali binolari yerto‘lasida politsiya o‘nlarcha Markaziy Osiyolik muhojirni qo‘lga olgandi.

Ushlanganlar Kiyev vokzalida farrosh va yuk tushuvchilik qilganlar.

Muhojirlarning ko‘pchiligiga jarima solinib, deportatsiya etilgan.

2010 yil oxirida Moskva hokimi Sergey Sobyanin o‘z chiqishida Rossiya poytaxtida 250 ming mehnat muhojiri rasman qaytdan o‘tgani, biroq muhojirlar soni bir milliondan ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Shu kunlarda Rossiya Giyohvand moddalarni nazorat qilish federal xizmati hamda Federal Migratsiya xizmati vakillari quyi parlament - Duma majlisidagi chiqishlarida Markaziy Osiyolik muhojirlarga nisbatan nazoratni kuchaytirish lozimligini taklif etishgan.