Tojikiston fuqarosi O‘zbekiston qamoqxonasida vafot etdi

Tojikiston xabar agentliklariga ko‘ra, O‘zbekistonda qamoqda bo‘lgan Tojikiston fuqarosi, 36 yoshli Sherali Azizov hayotdan ko‘z yumgan.

"Azia Plyus" xabar agentligi marhumning otasi Hayitali Azizovga iqtibosan yozishicha, ota o‘z farzandini ko‘rgani O‘zbekistonga borganida qamoqxona nozirlari unga o‘g‘lining qabrini ko‘rsatganlar.

Qamoqxona tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Sherali Azizivning "yuragi to‘xtab qolgan".

Ammo Sheralining yaqinlari uning hech qachon yuragidan shikoyat qilmaganini aytishadi.

Asli Tojikiston janubidagi Yovon tumani Beshkapa qishlog‘idan bo‘lgan Sherali Azizov, yaqinlariga ko‘ra, 2004 yilda Eronga ta‘lim olgani yo‘l oladi va ko‘p o‘tmay g‘oyib bo‘ladi.

Sherali Azizovning O‘zbekistonda terrorchilik ayblari bilan qamoqda bo‘lgani haqida o‘tgan yil daniyalik jurnalist Maykl Andersen o‘zining "Norozilikni urchitish" filmida hikoya qilgan edi.

Bu filmda Sheralining yaqinlari uning terrorchilikka aloqasi yo‘qligi, faqat diniy ilm olish ilinjida xorijga chiqqanini aytishgan edi.

"Sherali juda aqlli va kelishgan yigit. U Eronda o‘qishni istardi. Keyin Pokistonda ham o‘qidi... u faqat bilim olishni istardi. Biz kambag‘al dehqonlarmiz. Boshqa hech bir niyatimiz yo‘q. U hech qachon davlatga qarshi, hukumatga qarshi biror amalga qo‘l urmagan. Bu haqda gapirmas edi. U aybsiz, bizga ham begunohman, deb aytardi," degan edi Sherali Azizovning akasi Maykl Andersen bilan suhbatda.

O‘zbekistonda mulozimlarga ko‘ra, Sherali Azizov 2006 yilda Olmoniyaning Termezdagi harbiy bazasida terrorchilik amalini sodir etishga uringan.

O‘zbekiston rasmiylarining ta‘kidlashicha, u shuningdek al-Qoidaga a‘zolik aybiga ham iqror bo‘lgan.

Kuzatuvchilar esa bu iqrorlarning qiynoqlar ostida olinganini ehtimoldan holi emas deyishadi.

O‘zbekistonda qiynoq keng va sistematik qo‘llanishini mahalliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham o‘z hisobotlarida ko‘p yillardan beri urg‘ulab kelishadi.

Tojikiston axborot agentliklariga ko‘ra, Sherali Azizov o‘limidan avval Navoiydagi qamoqxonada bo‘lgan.

O‘zbekistonda mahbuslarning qamoqda o‘lim topishlari bilan bog‘liq boshqa o‘nlab holatlarda bo‘lgani kabi, Sheralining o‘limi tafsiloti ham oshkor etilgani yo‘q.

Uni ko‘rgani borgan otasiga esa o‘g‘lining qabri ko‘rsatilgan.

Sherali Azizovning o‘lim guvohnomasida "yuragi to‘xtab qolgan"i yozilgan, ammo uning otasi "Aziya Plyus" bilan suhbatda o‘z o‘g‘li hech qachon yuragidan shikoyat qilmaganini aytgan.

O‘tgan yil oktyabr oyida u otasi bilan uchrashuvda o‘zining aybsizligini takrorlagan.

Sherali Azizovning O‘zbekiston qamoqxonasida nima uchun o‘lgani haqidagi tafsilot ehtimolki hech qachon oshkor etilmas.

Sherali Azizov O‘zbekistonda diniy ayblovlar bilan qamoqqa otilgan va u yerda qiynoqqa olingan, keyinroq qiynoqlar natijasida qurbon bo‘lgan yagona mahbus ham emas.

O‘zbekiston mulozimlari mamlakatda qiynoqlar qo‘llanishi haqidagi ayblovlarni rad etib kelishadi.

Zotan, hozirga qadar hech bir O‘zbekiston mulozimi qiynoq qo‘llanishi haqidagi ayblovlarni alohida jonbozlik ko‘rsatib inkor etgani yo‘q.

Sherali Azizovning o‘limi haqidagi xabar Inson huquqlarini himoya qiluvchi Toshkentda joylashgan "Ekspert ishchi guruhi" Qashqadaryo viloyatida "jihodchi" deya tamg‘alangan 13 kishining mahkama ishi va tergov davrida yuz tutgan qiynoqlari borasida hisobotini e‘lon qilgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.