Xitoy Markaziy Osiyodan qanday manfaat ko‘radi?

Image caption Xitoy kuchli, ba‘zi tahlilchilar ta‘birida hatto agressiv sarmoyadorlik siyosatini olib bormoqda

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Xitoyga ikki kunlik tashrifi davomida hamkasbi Xu Jintao bilan o‘zaro aloqalar va mintaqadagi vaziyatni muhokama qiladi.

Xitoy matbuotiga ko‘ra, Pekin va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar "bir maromda" rivojlanmoqda.

Rasmiy Pekin Prezident Karimov tuzumiga siyosiy va iqtisodiy dastak berib keladi.

Xitoy, shuningdek, O‘zbekistonni mintaqadagi diniy ekstremizm va bo‘lginchilikka qarshi kurashda muhim hamkor sifatida ko‘radi, ammo, rasmiy Pekin O‘zbekiston va mintaqadagi manfaatlari haqida ochiq gapirmaslikni afzal ko‘radi.

BBC Xitoyning O‘zbekistondagi manfaatlari qanday ekani haqida Rossiya Milliy Strategiya Institutining direktori Yuriy Solozobovdan so‘ragan.

Solozobov: Umuman olganda, Xitoy Markaziy Osiyoni o‘zining chekka bir bo‘lagi, iqtisodiy hududi sifatida ko‘radi. Rasmiy Pekin Shanxay Hamkorlik Tashkiloti imkoniyatlaridan foydalanib, ushbu mintaqada iqtisodiy faoliyatini amalga oshirib keladi. Yaqinda Xitoy har bir Markaziy Osiyo davlati infrastrukturasiga tahminan 2 millard dollardan mablag‘ ajratishini e‘lon etdi. Bu Qozog‘iston va Turkmaniston kabi davlatlar uchun unchalik sezilarli bo‘lmasada, Tojikiston va Qirg‘iziston uchun nihoyatda katta mablag‘ sanaladi. Mintaqada Xitoy strategik manfaatni ko‘zlaydi. Pekinning asosiy maqsadi strategik muhim bo‘lgan sohalar, jumladan suv va energetika inshootlari, shuningdek, xom ashyo manbalari nazoratini qo‘lga olishdir. Misol uchun, Tojikistonda Xitoy manfaati, yo‘l va tunellar, suv GESlariga qaratilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda Xitoyni asosan uran, gaz va boshqa yerosti qazilmalari qiziqtiradi.

BBC: O‘zbekistonda Xitoy manfaatlari nuqul iqtisodga qaratilgan va Pekinni siyosiy vaziyat qiziqtirmaydi deb aytish to‘g‘rimi?

Solozobov: Prezident Islom Karimovni G‘arbda qarigan, avtoritar lider sifatida tanishadi. Rasmiy Toshkent Prezident Karimov rejimi siyosiy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlanishini xohlaydi. O‘zbekiston Xitoy sarmoyalari kiritilishi qatori, harbiy sohadagi hamkorliklarini ham rivojlantirmoqchi. O‘zbekiston Xitoy armiyasi orttirgan tajribani ham o‘rganishga intiladi. Lekin, qanday bo‘lmasin, Markaziy Osiyo va Xitoy hamkorligining boshqa bir tomonini ham nazardan qochirmaslik kerak. Markaziy Osiyo xalqlari o‘tmishda Xitoy bilan bo‘lgan munosabatlarida juda qayg‘uli tajribaga egalar, ya‘ni markaziy Osiyo xalqlari Xitoy bilan o‘ta yaqin aloqada bo‘lish - assimilyatsiyani, ya‘ni milliy o‘zlikni yo‘qotish xatarini yaratishi mumkinligini yaxshi bilishadi.

BBC: Bu o‘rinda Markaziy Osiyoda Xitoyning asosiy raqibi Rossiyaga kelsak, Pekin faolligi Moskvani xavotirga soladimi?

Solozobov: Men Markaziy Osiyo mintaqasida Moskva Xitoyning asosiy raqibi deb aytmagan bo‘lardim. Rossiyaning asosiy muammosi bu uning strategik jihatdan o‘ta zaifligidir. Pekindan farqli o‘laroq, Moskvada Markaziy Osiyo bo‘yicha ishlab chiqilgan aniq bir siyosat yo‘q. Rossiya mintaqa davlatlaridan hozirda faqat strategik sherigi Qozog‘iston bilan aniqroq bir siyosat yurgizayotkanini kuzatish mumkin.