O‘zbekiston: bozorlarda narx-navolar ko‘tarilgani sababi nimada?

O‘zbekiston bozorlarida asosiy iste‘mol mahsulotlari - un, yog‘ va go‘sht narxlari oshgani kuzatilgan.

Buning sabablari sifatida 1 apreldan kommunal xizmatlar va jamoat transporti haqlari ko‘tarilgani, mamlakatga olib kiriladigan import mahsulotlar to‘lovi oshirilgani va yangi hosilning bozorga kirishi oldidan kuzatiladigan taqchillik deb ko‘rilmoqda.

Ammo jizzaxliklar mol go‘shti narxining ne sababdan birdaniga 2000 so‘m ko‘tarilib ketganini tushuna olmayotganliklarini aytadilar.

Toshkentda shu kecha-kunduzda kartoshka, piyoz va sabzi 1000 O‘zbekiston so‘miga chiqqan.

Mol go‘shti 13 ming so‘m, qo‘y go‘shti 14-15 ming so‘mga yetgan, xorijiy o‘simlik yog‘ining bir litri 5000 so‘mdan oshgan, Qozog‘iston bug‘doy unining bir kilogrammi 2000 so‘mga sotilayapti.

Gulistonda bir kilogramm guruch 2000-2500 so‘mga yetgan, mahalliy paxta yog‘ining bir litri 2800-3000 so‘mdan sotilayapti.

Jizzaxda oxirgi haftada bir kilogramm mol go‘shti 10000 so‘mdan 12 ming so‘mga ko‘tarilgan, qo‘y go‘shti 13 ming so‘mga sotilayapti, oldin 400 so‘mga sotilgan 1 kilogramm piyoz 1000-1200 so‘mga yetgan, 500 so‘mlik kartoshkani bozordan 700-800 so‘mga sotib olish mumkin.

O‘zbekistonda dehqon bozorlaridagi narx-navoni ham ma‘muriy usullar bilan pasaytirib turishga harakat qilinadi.

Lekin bunga qaramasdan, bozor baribir bozor, talab va ehtiyoj, yil mavsumlariga qarab mahsulotlarning baholari stixiyali shakllanadi.

O‘tgan yil bahorlaridan farqli tarzda bu yil sezilarli narx-navo ko‘tarilishiga asosan uch omil turtki bergan deb ko‘rilayapti.

Birinchisi, 1 apreldan markaziy isitish tizimi, issiq suv, sovuq suv uchun haqlar ko‘tarildi, Toshkentda issiq suv 10 foiz, sovuq suv 15 foiz qimmatlagani xabar qilingan edi.

Ikkinchisi - O‘zbekistonga olib kiriladigan import mahsulotlari boji ham 1 apreldan ko‘tarilgan, bu O‘zbekistonda juda ko‘p iste‘mol qilinadigan Qozog‘iston unining narxi oshishiga sabab bo‘lgani aytilayapti.

Uchinchisi, bu yilgi kartoshka-piyozning hali bozorlarga yetib kelmagani paytiga to‘g‘ri kelgani.

Ammo Jizzaxda mol go‘shtining keskin qimmatlagani sababi ko‘pchilikka ayon emas.

Jizzax viloyati, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari singari poytaxt Toshkentni ham go‘sht bilan ta‘minlaydigan hudud hisoblanadi.

Namanganliklarning aytishlaricha, bir necha kun ilgari Namangan shahrida go‘sht do‘konlarida hatto go‘sht yo‘qolib qolgan.

Mahalliy qassoblarga ko‘ra, bo‘rdoqi qoramol narxining balandligidan molni so‘yib, go‘shtini sotishdan zarar ko‘rishlari mumkin bo‘lgan, shuning uchun mol so‘yilmagan.

Bir oycha oldin Toshkentda dehqon bozorlaridagi olibsotarlarga qarshi kurash boshlangani, bir necha olibsotar qo‘lga olinib, jarimalarga tortilgani va narx-navoni pasaytirish maqsadida bozorlarda "Elga xizmat" degan yangi xizmatlar yo‘lga qo‘yilgani haqida mahalliy matbuot xabar tarqatgan edi.

Kuzatuvchilar, buni Arab dunyosidagi g‘alayonlardan xulosa chiqarish ma‘nosida talqin ham etishgan.

Ammo toshkentliklar dehqon bozorida narx-navoni tushirish uchun yo‘lga qo‘yilgan "Elga xizmat" tashkiloti xodimlarini ham maosh bilan ta‘minlash zarurligini, shundan kelib chiqib, ular juda harakat qilingan paytda ham narx-navoni bozorda tabiiy shakllangan narxlardan juda pasaytirish imkonsizligini aytishadi, shuning uchun bu yangi tartib-qoida bozor baholariga ta‘sir ko‘rsata olmagan.

Bugungi kunda ham O‘zbekistonda mavjud xorijiy valyutaning "qora bozor"ida 1 AQSh dollarining qiymati 2140 so‘m ekani xabar qilinadi.