Berdimuhamedov Karimovni qirg‘iz ziddiyatini aritishdagi roli uchun olqishladi

Image caption Ikki prezident o‘zaro munosabatlar faollashayotganidan mamnun ekanlarini bildirishdi

Turkmaniston va O‘zbekiston prezidentlari Toshkentda o‘tgan uchrashuvlari ortidan qator sohalardagi hamkorlikni ko‘zda tutuvchi hujjatlarga imzo chekishgan.

Prezident Qurbonquli Berdimuhamedov va Prezident Islom Karimovlar yuzma-yuz uchrashuvlari ortidan chiqargan qo‘shma bayonotlarida tashqi bozorlarga chiqish uchun tranzit yo‘llarining strategik ahamitini urg‘ulashgan.

Turkman TVning xabariga ko‘ra, ikki prezident, shuningdek, chegaralar atrofidagi tahdidlar, xususan terrorchilik, diniy ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, inson savdosi va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish zarurati borligiga kelishganlar.

Qo‘shma bayonotda aytilishicha, Turkmaniston 2010 yilda Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik ziddiyatlarni bartaraf etishdagi O‘zbekiston harakatlarini "ijobiy baholaydi".

Berdimuhamedov va Karimov bu kabi ziddiyatlar mintaqadagi taraqqiyot, tinchlik va barqarorlikka tahdid solishini urg‘ulab, ularning kelajakda oldini olish muhimligini aytishgan.

Xalqaro sohada esa, o‘zbek va turkman rahbarlari ikkala mamlakat ham chegaradosh bo‘lgan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikning tez orada tiklanishiga chaqirishgan.

Ikkala mamlakat matbuot vositalari xabar qilishicha, Berdimuhamedov va Karimov o‘zaro aloqalarning faollashganidan mamnun ekanlari va barcha yo‘nalishlarda ikki tomonning qarashlari bir xil ekanini aytishgan.

Biroq, Xorazmdan joylashgan inson huquqlari faollari xabarlariga ko‘ra, o‘zbek-turkman chegarasida viza muammolari saqlanib qolmoqda.

O‘tgan yanvar oyida "Xronika Turkmenistana" xabar berishicha, Turkmaniston rasmiylari turkman-o‘zbek chegarasidan o‘tish qoidasini osonlashtirish o‘rniga qiyinlashtirib qo‘ydilar.

Xabarlarda aytilishicha, chegara nuqtalarida chegarachilar va migratsiya xizmati xodimlari O‘zbekistonga qisqa muddatga ketayotgan odamlardan ular mehmonga borayotgan manzildagi o‘zbekistonlik qarindoshlarining pasport nusxalarini topshirishni talab qilayaptilar.

Shuningdek, Turkmaniston muxolif saytlarining mart oyida tarqatgan xabarlariga binoan, o‘tgan bir necha yil davomida Turkmanistonning o‘zbeklar zich yashaydigan hududlaridagi maktablarda keskin qisqartirilgan o‘zbek tili darslari batamom to‘xtatilgan.

Ammo, ikki prezident Toshkentdagi uchrashuvlari chog‘ida bu masalalarni muhokama etgani yo etmagani borasida ma‘lumot yo‘q.

Ikki tomon delegatsiyalari ishtirokida o‘tgan uchrashuv ortidan Turkmaniston milliy markazi kutubxonasi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik memorandumini ham imzolangan.