Oxus Gold O‘zbekistonga qarshi xalqaro mahkamada yutib chiqishiga "ishonchi komil"

Image caption Amantaytaudan 24 million untsiya oltin va 480 million untsiya kumush qazib olish mumkinligi aniqlangan

Britaniyadagi Oxus Gold oltin ishlab chiqarish shirkati O‘zbekiston hukumatini noqonuniy amallarda ayblab chiqqan.

"O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi yirik xorijiy sarmoyador haqida yolg‘on va noto‘g‘ri taassurot qoldiradigan bayonotlar tarqatdi", deyiladi britan shirkati bayonotida.

Oxus Gold bayonotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi ko‘p yillik muvaffaqiyatli faoliyatidan keyin shirkat O‘zbekiston hukumatining resurslarni davlat ixtiyoriga o‘tqazish harakati nishoniga aylangan.

BBC Oxus Gold shirkati advokati Robert Amsterdamdan o‘zbek hukumatining qo‘shma korxonani likvidatsiya qilish qarorining sababi va hukumat maqsadi nima bo‘lganini so‘ragan.

Amsterdam: O‘zbekistonda yuz berayotgan juda ko‘p hodisalarning asl sababi haqida faqat taxmin qilishingiz mumkin, xolos. Chunki O‘zbekiston qonunlar ishlamaydigan mamlakat. Hozir jahon bozoridagi oltinning narxi tarixiy jihatdan olganda ham juda baland. Ana shu narsa asl sabab bo‘lishi mumkin. Hozir O‘zbekistonda mol-mulki noqonuniy ravishda yana davlat tasarrufiga qaytarib o‘tkazilgan xorijiy shirkatlar soni juda ko‘p. O‘zbekistonda demokratiya ham yo‘q, javobgarlik ham yo‘q. Shuning uchun faqat taxmin bildirish mumkin.

BBC: "Amantaytau Goldfilds" hissalarining 50 foizi Oksus Goldga tegishli. Hozir ana shu 50 foizlik aktsiyalar qiymati qanchaga baholanadi?

Amsterdam: Bu hissalarning qiymati O‘zbek hukumatining buyrug‘i natijasida past qilib baholangan. Narx-navolar haqida hozir ma‘lumotim bo‘lmaganidan men bu haqda bir narsa demoqchi emasman.

BBC: Unda bugun "Amantaytau Goldfilds" qo‘shma korxonasining qiymati qanchaga baholanayapti?

Amsterdam: Hamon u juda katta qiymatga ega shirkat. Oltinning bahosi hali ham baland bo‘lib turar ekan, bu shirkat bahosi ham yuqori bo‘ladi.

BBC: Bilamizki, shu yil yanvar-fevral oylarida Oksus bilan o‘zbek rasmiylari Oksusga tegishli aktsiyalarni o‘zbek tomoniga sotish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi. O‘sha muzokaralar payti o‘zbek tarafi Oksusga aktsiyalari uchun qancha baho taklif qilishgan?

Amsterdam: Ular hech qanaqa taklifni o‘rtaga tashlamadilar. Nega o‘zbek tomoni biror baho taklif qilishmagani sababini men bilmayman. Agar Oksusga maqbul bir baho taklif etilganida biz buni qabul qilgan bo‘lar edik.

BBC: Shu kunlarda O‘zbekiston Tashqi Ishlar Vaziri o‘rinbosari Oksusga soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan fursat berilgani haqida aytdi. Bu muddat qaysi yillarni o‘z ichiga olgan?

Amsterdam: Bu O‘zbekiston hukumati tarafidan 10 yillik muddatga kafolatlangan soliq va bojxona imtiyozlari edi. Ammo, hukumat va‘da bergan muddat tugamasidan va Oksus tomonini ogohlantirilmasdan turib, o‘z shartlarni o‘zgartirgan. Shunday ekan, O‘zbekiston hukumati Oksus bilan imzolagan shartnomasini buzgan.

BBC: Oksus bilan bitimda ko‘zda tutilgan 10 yillik muddat qachon boshlangan?

Amsterdam: Shartnomada 10 yillik muddat belgilangan. Bu shartnoma 2000 yildan boshlangan va o‘sha yilni ham o‘z ichiga olgan. Ammo, bitim shartlari 2006 yilda bekor qilingan.

BBC: Siz o‘zingizning intervьyungizda o‘zbek rasmiylari Oksusga po‘pisa qilib, ovozimizni o‘chirishni ko‘zlayapti, ammo biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz, biz bunga qarshi kurashamiz, degansiz. Bunda nimani nazarda tutgansiz?

Amsterdam: Biz ularni arbitraj mahkamasiga tortish qobiliyatiga egamiz. Va shunday qilamiz. Biz o‘zbek hukumatining kuni-kecha qilganidek, yolg‘on va asossiz bayonotlariga albatta munosib javob qaytaramiz.

BBC: Siz hali ham masalaning mahkamasiz hal etilishiga umid qilayapsizmi?

Amsterdam: Biz muzokara qilishni istaymiz. Biz hissadorlarning mol-mulkini munosib taqdim etish uchun konstruktiv ish yuritishni xohlaymiz. Bu narsa o‘zbek rasmiylariga bog‘liq.

BBC: Siz o‘zbek tomoni bilan muloqot qilib turibsizmi?

Amsterdam: Biz bunga harakat qilayapmiz, ammo munosib bir javob olganimiz yo‘q.

BBC: Siz agar bu mojaroni xalqaro mahkamaga olib chiqishga qaror qilsangiz, jarayon qachon boshlanishi mumkin?

Amsterdam: Biz jarayonni iyun oyida boshlaymiz. Oksus shirkati o‘zining ko‘zlagan maqsadiga ershishiga ishonchi komil.