BBC mehmoni - Russell Zanca

Image caption Russell Zanca O‘zbekistonda yashab, o‘zbeklarning turmushini yaqindan o‘rgangan

BBCUzbek.com o‘quvchilarining savollariga amerikalik o‘zbekshunos olim, professor Rassl Zanka javob beradi.

Chikagodagi Illinoys Universiteti professori Rassl Zanka (Russell Zanca) o‘zbeklarning milliy o‘zligi, musulmonchilik, o‘zbek qishloqlaridagi turmush tarzi, mehmondorchilik va o‘zbeklarning boshqa ana‘analari, shuningdek, O‘zbekistondagi kollektivlashtirish va zamonaviy mehnat muhojirligiga oid o‘nlab tadqiqotlar muallifi.

1990-yillarning ikkinchi yarmida Toshkent va Farg‘ona vodiysida yashagan muallif Foreign Policy blogida chop etilgan so‘nggi maqolalaridan birida mana bunday yozadi:

"Mendan antropolog bo‘lganim uchun ko‘pincha Karimovning hokimiyatda uzoq vaqt qolayotgani o‘zbeklar madaniyatining ba‘zi jihatlari bilan bog‘liq emasmikan, deb so‘rashadi. Ko‘pchilik o‘zbeklar tabiatan itoatkor va ularning kattalarga hurmat madaniyati siyosiy hokimiyatga so‘zsiz itoat qilish darajasiga ko‘tarilgan, deb hisoblaydi.

Hatto, o‘zbeklarning o‘zlari ham ba‘zida odamlar qorin to‘ydirish haqida ko‘proq o‘ylashlari va tirikchilik tashvishlari bilan bandliklarini aytishadi.

Ehtimol, bu taxminlarda haqiqatning bir zarrasi bordir. Ammo faqat bir zarrasi bor, xolos.

O‘zbeklarning tarixi, xalq qo‘zg‘olonlari misollari bilan to‘la. Xususan, 19-asrning ikkinchi yarmidan boshlab o‘zbeklar amirlarni ag‘darganlar, chor podshosi va Sho‘ro kofirlariga qarshi kurashlarda o‘zlarining isyonkor ruhlarini namoyish etishgan".

Rassl Zankaga ko‘ra, hozir o‘zbeklar tuzumga bo‘lgan nafratlariga qaramasdan, ko‘chalarga chiqishmayapti, chunki xavf juda ham katta.

"Buning o‘rniga ular o‘z noroziliklarini nosiyosiy yo‘l bilan, jumladan, Qozog‘iston va Rossiyaga ishga ketish orqali bildirishayapti".

BBC mehmoniga savollaringizni sahifamiz pastidagi forma orqali yo‘llang.

Suhbatni shanba kungi Daraklar dasturida tinglay olasiz, uning to‘liq matni bilan ushbu sahifada tanishishingiz mumkin.

SMS raqamimiz: +44 (0) 207 5571709

Elektron pochtamiz manzili: uzbek@bbc.co.uk