Lola Karimova-Tillayeva da‘vosi bo‘yicha mahkama qarori 1 iyulda e‘lon qilinadi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Rue89 Bosh muharriri Pьer Xaski va maqola muallifi Ogustin Skalbert mahkama boshlanishi oldidan

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning qizi Lola Karimova-Tillayevaning Rue89 Internet nashriga qarshi da‘vosi bo‘yicha ishni ko‘rib chiqqan Parij mahkamasi o‘z qarorini 1 iyulda e‘lon qilishi haqida ma‘lum etgan.

O‘zbekistonning UNESCOdagi elchisi Lola Karimova-Tillayeva frantsuz veb-saytini o‘zini "diktatorning qizi" deb atagani uchun sudga bergan.

"Mamlakat rahbarini qachon diktator deb atash mumkin? Parijda bo‘lib o‘tgan noodatiy mahkama ishining markaziga ushbu savol qo‘yilgan", deb yozadi BBC muxbiri Deyan Radoyevich.

Prezident Karimov qudratga 20 yil oldin, hali O‘zbekiston Sovet Ittifoqining tarkibida bo‘lgan payt kelgan.

Uni ko‘pincha o‘zining muxoliflari va tanqidchilarini shafqatsiz bostirishda ayblashadi.

Ammo uning kichik qizi Lola Karimova-Tillayeva o‘zining mamlakati haqida o‘zgacha tasavvur uyg‘otishni xohlaydi.

Karimova-Tillayeva xonim BMTning Parijda joylashgan madaniy tashkilotida O‘zbekiston elchisi lavozimida faoliyat yuritadi va u tashkil etgan tadbirlarda mashhur insonlar ishtirok etganlar.

O‘tgan yili Frantsiyaning Rue89 veb-sayti Lola Karimova-Tillayeva haqida maqola yozgan, uni "diktatorning qizi" deb atagan.

Maqolada o‘zining xayriya kechasida qatnashishi uchun mashhur aktrisaga pul bergani yozilgan.

Lola Karimova-Tillayeva Internet sahifani bo‘hton qilishda ayblab mahkamaga murojaat qildi, u aktrisaga pul berganini rad etadi va "diktatorning qizi" iborasini haqoratli deb topgan.

Himoya tarafi janob Karimovning diktatorligini isbotlashga harakat qilishini aytgan.

Bu maqsadda mahkamaga guvohlik berishi uchun Frantsiyada muhojirlikda yashayotgan ikki taniqli inson huquqlari himoyachisini chaqirishga qaror qilingan.

19 may kuni Parijdagi Adolat mahkamasida "O‘tyuraklar klubi" tashkiloti rahbari Mo‘‘tabar Tojiboyeva, "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Otayeva qatnashganlar.

Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkilotlari O‘zbekiston hukumatini jahondagi eng repressiv hukumatlardan bir deb ta‘riflab keladilar.

Lekin ular Parijdagi mahkama jarayonini olqishladilar, inson haqlari tashkilotlariga ko‘ra, bu O‘zbekistondagi vaziyatga yanada ko‘proq xalqaro e‘tibor qaratish imkoniyatini tug‘diradi.