Ozoda Nursaidova o‘zbek hukumati a‘zolarini ekstremistik faoliyatda aybladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи ozoda.net
Image caption Ozoda Nursaidova davlat rasmiylarini Isroil, AQSh va Angliya josuslik xizmatlari bilan yashirin til biriktirishda ayblamoqda

O‘zbekistonda faoliyat yuritishi norasman man qilingan taniqli qo‘shiqchi Ozoda Nursaidova o‘z internet sahifasida o‘zining O‘zbekiston hukumatidagi aksil-Karimov mulozimlar tomonidan bosim ostiga olinayotgani, hamda narkobiznes va diniy ekstremistik tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga majburlanayotganini da‘vo qilgan videofilmini chop qildi.

"Ozoda nixoyat daxshatli, dunyoni shokka tushiruvchi sirlarni ochdi" deya nomlangan rus tilidagi videolavhada qo‘shiqchi "o‘zbek shou biznesi, deyarli butun mafkuramiz narkomafiya va katta jinoyatchi guruh bosimi ostida qolmoqda, bu guruh butun MDH, va hatto Ovroosiyo miqyosida odam savdosi bilan shug‘ullanmoqda", deydi.

Ozoda Nursaidova O‘zbekiston Islomiy Harakati va horijdagi qator muxolifatchilar, xususan, Erk partiyasi rahbari Muhammad Solih suratlari namoyish qilingan videosida O‘zbekistonda ma‘lum nufuzga yetgan qo‘shiqchilar yashirin Islomiy harakatga mablag‘ yetkazib berishga "rasmiylar tomonidan" majburlanishini da‘vo qiladi.

"Masalan, Afg‘onistondagi O‘zbekiston Islomiy Harakati lideri bilan uchrashish, unga o‘z xo‘jayinining ko‘rsatmalarini yetkazish kerak bo‘lsa, artislar ishga solinadi. Masalan, bu qo‘shiqchi Turkmanistonda kontsert beradi, Turkmaniston esa Afg‘onistonga yaqin. Muzokaralar shunday o‘tadi. Qofqoz, Turkiyada ham" deydi u.

Ozoda Nursaidova O‘zbekiston teleradiokompaniyasini ham bu harakatlarga aloqadorlikda ayblaydi.

"O‘zbek davlat televideniyesida ko‘pdan beri yashirin ekstremistik tashkilot faoliyat yuritayapti. O‘tgan yili u yerda kimlarnidir "Nur" tashkilotiga aloqadorlikda ayblab, hibsga olishdi. Lekin qandaydir mulozim bu ishni yoptirdi" deydi qo‘shiqchi.

Ozoda Nursaidovaga ko‘ra, televideniyedagi mulozimlar qo‘shiqchilar oldiga to‘siqlar qo‘yish bilan xalqni inqilobga tayyorlashmoqda.

"Ular huddi Erondagidek. Muntazam ravishda zamonaviy musiqani, klip va ko‘rsatuvlarni siquvga olish bilan ular odamlarni axloqan Islomiy inqilobga tayyorlashmoqda", deydi u.

Image caption Qo‘shiqchining videofilmida O‘zbekiston Islomiy Harakatining marhum rahbari Tohir Yo‘ldosh va qator muxolifat rahbarlari suratlari ham o‘rin olgan

"O‘zbekistondagi ijrochi hukumat o‘z qo‘li bilan korruptsiya va jinoyatlarni keltirib chiqarmoqda. Maqsad - mamlakatni ich-ichidan barbod qilish. Internetda ular Karimovga qarshi tuhmat va g‘iybatni tarqatishmoqda, odamlar prezidentdan g‘azablanishlari uchun shunday muammolarni yaratishmoqda" deydi qo‘shiqchi.

Videofilmda O‘zbekistonni 2004 yildan beri Islom Karimov emas, bosh vazir Shavkat Mirziyoyev boshqarayotgani aytiladi.

Ozoda Nursaidova O‘zbekiston hukumati a‘zolari "yashirin ekstremistik harakatlar"ni tuzish yo‘lida AQShning Markaziy Razvedka Boshqarmasi, Isroil va Angliya josuslik xizmatlari bilan hamkorlik qilishlarini da‘vo qiladi.

Taniqli qo‘shiqchi o‘z filmida, shuningdek, joriy yilda o‘z karerasini qayta jonlantirishga uringani, ammo rasmiylar undan 10 million so‘m qabul qilib olib, uni qattiq tahqirlashganini aytadi.

Yetti yarim daqiqalik film oxirida Ozoda Nursaidova bu ayblovlar bilan chiqishiga o‘z xalqi va yaqinlari taqdiri uchun qayg‘urganini sabab bo‘lganini bildiradi.

Film hozirda qo‘shiqchining o‘z sayti va YOUTUBE sahifasidan olib tashlangan. Ammo, qo‘shiqchining BBCga bildirishicha, bu film atigi qisqa e‘lon edi, va kelgusi ikki hafta ichida "Pautina vlasti" ("Hokimiyat to‘ri") nomli to‘liq videofilьm internetda chop qilinadi.

BBC bilan suhbati Biz bilan suhbatida Ozoda Nursaidova filmda yangragan ovoz haqiqatan ham o‘zini ekani va filmni o‘z tashabbusi bilan taqdim qilganini tan oldi.

"Men hatto BMT bosh kotibi Pan Gi Munga ham xat tayyorlab qo‘yganman. Bu yashirin jinoiy guruhlar haqida. O‘sha jinoiy guruhlar davlat organlarida ishlayotgani haqida. Chunki ular tomonidan menga katta bosim bo‘lganiga isbotim bor... Shuncha yillardan keyin sabr degan narsaning chegarasi bo‘ladi", deydi qo‘shiqchi.

"Menga seni zapret qilgan Islom Karimov deyishadi. Aslida olganda unday emas. Meni oppozitsion guruhga (kirishga) majburlashgan ba‘zi bir chinovniklar hozir Karimovni yonida o‘tiribdi" dedi u BBCga.

Ozoda Nursaidova O‘zbekiston hukumatidagi aynan qaysi rasmiylarni ayblayotganini aytishdan bosh tortdi, biroq ular prezidentning "davlat maslahatchilari" ekanini da‘vo qildi. "Siz eshitganlaringiz hali xamir uchidan patir. O‘zbekistonda davlat ichida davlat bor", deydi u.

Фото муаллифлик ҳуқуқи ozoda.net
Image caption Ozoda Nursaidovaga bir necha yildan beri O‘zbekiston televideniyesi va radiosi orqali chiqishiga ruxsat berilmaydi

Qo‘shiqchi muxolifat faoliyatiga qo‘shilmagani uchun o‘z joniga suiqasd harakatlari uyushtirilganini ham da‘vo qiladi.

"Men necha marta o‘limdan qoldim. Faktki, men Karimovga qarshi siyosat olib bormaganim uchun haligacha tinchlik bermayapti, nechta o‘limdan qoldim" deydi u.

BBCning aynan qanday tarzda bosimlar o‘tkazilgani borasidagi savoliga Ozoda Nursaidova o‘ziga vakillar jo‘natilganini aytadi.

"2007 yilda boshlangan bu narsa. Bular o‘zlari odam jo‘natgan", deydi u.

Qo‘shiqchi, shuningdek, san‘atkorlarning giyohvand moddalar savdosiga qo‘shilishga majburlanayotganini da‘vo qildi.

"Alam qilayotgani, san‘atkorlarni ko‘proq narkobiznesga tiqishayapti. Shu narsaga rozi bo‘lmasangiz, bosim davlat rahbarlari tomonidan bo‘layapti", deydi u.

BBC qo‘shiqchining O‘zbekistonni 2004 yildan beri Karimov emas, bosh vazir boshqarayotgani borasidagi da‘volarini so‘roq ostiga olganida, Nursaidova xonim videofilmda noto‘g‘ri tushuncha berilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Ozoda Nursaidovaga ko‘ra, uning film orqali Karimov kuch-quvvatini yo‘qotdi va nazoratni Bosh Vazir Mirziyoyev o‘z qo‘liga oldi degan ishorani berish maqsadi bo‘lmagan.

Taniqli qo‘shiqchi ba‘zi internet sahifalarida o‘zi ba‘zi doiralarning buyrug‘i bilan bu kabi filmni chop qilgani borasidagi fikrlarini rad etdi.

"O‘z tashabbusim bilan, majburligimdan qildim", deydi u:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди