Prezident Islom Karimovga Prezident Obamaning shaxsiy maktubi topshirilgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи RIA Novosti
Image caption Amerikalik yuqori martabali mulozimlar tashrifi arafasida o‘zbekistonlik dissident shoir erkinlikka chiqarilgan

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, AQSh Prezidenti Barak Obamaning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi yordamchisi Denis Makdona Toshkentda Prezident Islom Karimovga AQSh prezidentining shaxsiy maktubini topshirgan.

Uchrashuvda amerikalik mulozim Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashdagi ishtirokini yuksak qadrlashini ta‘kidlagani xabar qilingan.

30 may kuni AQSh Davlat departamentining hay‘ati O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida muzokaralar o‘tkazgan.

Hay‘atga AQSh Davlat kotibi yordamchisining o‘rinbosari Syuzan Elliot rahbarlik qilgan.

Amerikalik rasmiylarning Toshkentga safari arafasida O‘zbekistonning "Jasliq" qamoqxonasida saqlangan dissident shoir Yusuf Juma ozodlikka chiqarilgan va Amerika Qo‘shma Shtatlariga jo‘nab ketishiga imkon berilgan.

Yusuf Jumaning erkinlikka chiqarilishini Amerika tomoni olqishlagan, O‘zbekistondagi elchixona bu amalni insonparvarlik belgisi, deb ta‘riflagan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Prezident Barak Obamaning shaxsiy maktubi mazmuni Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealarga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

AQSh Davlat departamentidagi ma‘ruzasida Prezident Obama "Arab bahori" "Amerika diplomatiyasida yangi sahifa ochishi"ni aytgan edi.

Prezident Barak Obama Amerika Arab davlatlaridagi avtoritar tuzumlarga qarshi norozilik harakatlariga demokratik islohotlarni dastaklash harakatlarini kuchaytirish bilan javob beradi, degan.