May oyi o‘rtasida Koson qamoqxonasida mahkumlar norozilik amaliyotiga "ko‘tarilganlar"

Norasmiy O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi tarqatgan xabarga ko‘ra, Kosondagi jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan mahbuslar 17-18 may kunlari qiynoqlarni to‘xtatishni talab qilganlar.

Bunga javoban qamoqxonaga militsiya maxsus bo‘linmasi o‘rab olgan va norozi bo‘lgan mahbuslarni kaltaklaganlar.

Tashabbus guruhiga ko‘ra, bu xabarni Qashqadaryo viloyatining Koson shahridagi jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan diniy e‘tiqodi uchun ozodlikdan mahrum etilgan yangiyo‘llik va chinozlik mahkumlarning yaqinlari tarqatganlar.

Qarindoshlari ma‘lum qilishlaricha, shu yilning aprel oyidan boshlab ibodat qilgani uchun musulmonlarga nisbatan qiynoqlar kuchaytirilgan.

O‘zlariga nisbatan qiynoqlarni to‘xtatish, namoz o‘qishga iz berish va insoniy sharoitni yaratib berishni talab qilgan mahkumlar 17-18 may kunlari norozilik uyushtirganlar, qamoqxonada saqlanayotganlarning o‘zlarining yaqinlariga aytishlaricha, bu amaliyot shafqatsiz bostirilib o‘nlab mahbuslar jazo kameralariga tashlanganlar.

Mahkumlarning yaqinlari bu borada shikoyat qilish maqsadida Koson jazoni ijro etish muassasasi rahbari bilan uchrashmoqchi bo‘lganlar, biroq ularning Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhiga ma‘lum qilishlaricha, muassasa rahbari mahkumlarning qarindoshlari bilan uchrashishdan bosh tortgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi xodimlari 17-18 may kunlari mahkumlar norozilik amaliyoti uyushtirganlari haqida "o‘zlarida ma‘lumot yo‘q"ligini aytishdi.

BBCning aprel oyidan buyon mahbuslarga nisbatan qiynoqlar kuchaygani borasidagi savoliga javoban Jazoni ijro etish boshqarmasining navbatchilik bo‘limi xodimi yozma ravishda murojaat qilish lozimligini, bunga boshqarmaning inson huquqlari bo‘limi javob berishga vakolati borligini aytdi.