O‘zbekistonlik shoir va jurnalist Shukur Sodiq hibsga olingan

Image caption Shoir va jurnalist Shukur Sodiqni Toshkent shahar prokuraturasi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashadigan departamenti xodimlari hibsga olganlar

"Ezgulik" inson huquqlarini himoya qilish jamiyati xabar qilishicha, taniqli shoir va jurnalist, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasining a‘zosi Shukur Sodiq Toshkentda hibsga olingan.

Unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining pora olish-berishda vositachilik qilish bandi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Shukur Sodiq Toshkentda nashr etiladigan "Inson va qonun" ro‘znomasining muxbiri bo‘lib ishlagan, gazetaning muassisi O‘zbekiston Adliya vazirligidir.

"Ezgulik" jamiyatiga ko‘ra, shoir va jurnalistni Toshkent shahar prokuraturasining iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashadigan departamenti xodimlari Toshkent shahridagi qahvaxonalardan birida hibsga olganlar.

"Ezgulik" jamiyatiga ma‘lum bo‘lishicha, prokuratura "Inson va qonun" ro‘znomasi muxbirini porani mansabdor shaxsga yetkazib berishda gumon etmoqda.

"Biroq shoirning do‘stlari, ko‘pchilik ijodkorlar hodisaning uyushtirilganini iddao qilishmoqda", deyiladi inson huquqlari jamiyati tarqatgan xabarda.

Shoirning salomatligi yaxshi emasligi, bunga qaramasdan qarindoshlariga u bilan ko‘rishishga ruxsat berilmayotgani xabar qilingan.

Shoir, jurnalist va tarjimon Shukur Sodiq 1959 yili Samarqandning Nurobod tumanida tug‘ilgan.

U O‘zbekistondagi qator badiiy nashrlarda faoliyat ko‘rsatgan.