Olma-otada o‘zbek qochqinlarining ayollari prokuraturadan quvib solingan

Qozog‘istondan O‘zbekistonga ekstraditsiya etilish xavfi ostida bo‘lgan 14 nafar o‘zbekistonlikning ayollari turmush o‘rtoqlari qayerga jo‘natilganini aniqlash ilinjida Olmoti shahar prokuraturasiga murojaat qilib borganlar.

Ular shahar prokurorining katta yordamchisi Toshkenboy Aubakirov bilan uchrashishni istashgani haqida bildirishdi, biroq militsiya xodimlari ularni quvib solgan va bir nechasini xibsga olgan.

Qochqin ayollar orasida bo‘lgan Mo‘‘tabar Bi-bi-siga prokuratura binosida bo‘lgan munosabatni tasvirlab berdi.

"Birinchi javob olaylik degan ayollarni itarib, urib, qo‘pol muomala qilib, to‘rtta ayolni oyog‘ini yerga tekkizmasdan, mashinaga tiqib ROVDga olib ketdi... Ayollarni ro‘mollari yechilib ketgan, yig‘lagan, juda hunuk holat bo‘ldi" deydi Mo‘‘tabar

Ayni damda na prokuratura, na boshqa rasmiy idora boshpana izlovchi o‘zbeklarning ayollariga erlari qayerda ekani haqida ma‘lumot berdi.

Prokuror yordamchisi Toshkenboy Aubakirov ayollar bilan uchrashish uchun chiqmagan.

"Bu ayollarning tillarini kesish kerak deyishdi u yerdagilar. "Bor O‘zbekistoningga, bor, o‘tqazib qo‘yadi" deb og‘izlaridan nima kelsa aytdi, ayollar qo‘pollik qilishgani yo‘q", deydi Mo‘‘tabar.

Biroz avval ayollar yordam so‘rab Olmotidagi BMT qochqinlar agentligi vakolatxonasiga borishgan.

Biroq, so‘nggi oylarda xavfsizlik choralari o‘ta kuchaytirilgan binoga kirishning imkoni bo‘lmagan. Ayollardan odatdagidek ariza yozish so‘ralgan va bu ariza qabul qilib olingan.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди