HRW o‘zbekistonlik qochqinlarni ortga ekstraditsiya etgani uchun qozoq hukumatini qoraladi

"Human Rights Watch" xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti 28 nafar o‘zbekistonlik boshpana izlovchini majburan ortga ekstraditsiya etgani uchun Qozog‘iston hukumatini qoralagan.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, boshpana izlovchilar O‘zbekistonda qiynoqqa tutilishlari muqarrar va ushbu qadam bilan Qozog‘iston o‘zi imzo chekkan xalqaro kelishuvlarni buzmoqda.

Rasmiy Ostona esa, O‘zbekiston fuqarolarining topshirilishi qonun doirasida amalga oshirilganini ta‘kidlamoqda.

Mahalliy huquq faollari BMTning Qochqinlar bilan ishlash Oliy komissarligini qochqinlarning taqdiriga beparvolikda ayblashmoqda.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, o‘zbekistonlik mas‘ullar ortga ekstraditsiya etilganlarning qiynoqqa solinmasliklariga kafolat berishgan.

Ammo, xalqaro tashkilotga ko‘ra, bu kabi ishontirishlardan deyarli ma‘ni yo‘q.

Boshpana izlovchilarni O‘zbekistonga topshirgan Qozog‘iston hukumati ushbu amallari xalqaro va respublika qonunlarini buzmagan holda amalga oshirilganini ta‘kidlamoqda.

Ammo inson haqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar O‘zbekistonning qiynoqlar bilan tanilgani va boshpana izlovchilarni bunday mamlakatga yuborish xalqaro konventsiyalarga mutloqo zidligini aytishmoqda.

Qozog‘istonlik yurist Denis Jivagaga ko‘ra, Qozog‘iston Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Ostonadagi yig‘inidan oldin Karimovga qochqinlarni berib, o‘ziga xos sovg‘a qilgan.

“Balki bu ataylab qilinmagandir. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham bu – ShHT sammiti arafasida janob Karimov uchun katta sovg‘a bo‘ldi," - deydi Denis Jivaga.

Jivaga janoblarining aytishicha, boshpana izlovchilarning qiynoqlar qo‘llaniladigan davlatga yuborilishida BMTning Qochqinlar bilan ishlash Oliy komissarligining loqaydligi asosiy sabab bo‘lgan. 28 boshpana izlovchining 18 tasida BMT tomonidan berilgan qochqinlik maqomi bo‘lgan, ammo tashkilot hech qanday asoslarsiz ushbu maqomdan ularni mosuvo qilgan.

“BMTning ushbu tashkiloti na xalqaro tashkilotlarga va na huquq himoyachilariga ularning qochqinlik maqomi nima uchun bekor qilingani haqida tushuntirish bermadi. Menimcha, qochqinlar bilan ishlash Oliy komissarligi ushbu boshpana izlovchilarning maqomi nima uchun bekor qilinganini aniq tushuntirishi kerak edi," - deydi Denis Jivaga.

BMTning Qochqinlar bilan ishlash Oliy komissarligining Olma otadagi vakolatxonasi ayni damda boshpana izlovchilar uchun kirish qiyin bo‘lgan bir maskanga aylangan.

Uch qator temir eshiklardan o‘tib borgachgina, ushbu tashkilotga kirish mumkin, unda ham oldindan kelishuvingiz bo‘lsa.

Turmush o‘rtog‘i O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan Nafisa bugun 4 kunlik urinishdan so‘ng BMTning Qochqinlar bilan ishlash Oliy komissarligiga kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Tashkilot vakillari bu yerda qolgan ayollar va bolalarni himoya qilish borasida ham biror jo‘yali gap aytishmagan.

“Yurishimizga biror bir qog‘oz beringlar, propiskalarimiz yo‘q dedim. Bizga hokimiyatdan yangilik keldi, bolalar va ayollarga indamaymiz degan xabar keldi, dedi. Biz bunga ishonmay qoldik, erkaklarni ham shunday deb tayyor go‘sht qilib topshirdinglar-ku desam, bu gap sir, sizlarga hech narsa aytolmayman, dedi. Himoya qilamiz deb aniq aytmadi," deydi boshpana izlovchi Nafisa.

O‘zbekistonga yuborilgan boshpana izlovchilarning Qozog‘istondagi ayollarining ayrimlari ortga qaytish harakatida, qolganlari esa, O‘zbekistonga ularga nisbatan tazyiqlar bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanib, qayerga borishlarini bilishmayapti.