Qozog‘iston: qolgan qochqinlar ham O‘zbekistonga topshirilishi mumkin

Image caption O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan qochqinlar yaqinlari hamon Olma otada qolishmoqda

O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan boshpana izlovchilarning Qozog‘istonda qolgan oilalari ham O‘zbekistonga chiqarib yuborilishi mumkin.

Qozog‘iston huquq-tartibot organlari ularni ro‘yxatga qo‘ymasligini ta‘kidlamoqda.

Bu esa istalgan vaqtda ularni O‘zbekistonga deportatsiya qilinishini anglatadi.

BMTning qochqinlar bilan ishlash oliy komissarligi esa biror amaliy chora va ularga huquqiy jihatdan yordam ko‘rsatmayapti.

O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan boshpana izlovchilarning ayollari kunlarini yurak hovuchlab o‘tkazmoqda.

Huquqiy jihatdan ularni Qozog‘istonda ushlab turadigan asos qolmayapti.

Olma ota migratsiya politsiyasi o‘zbekistonlik boshpana izlovchilarni ro‘yxatga qo‘yishni cho‘zmasliklarini ochiqdan-ochiq aytgan.

Migratsiya politsiyasi xodimi bilan gaplashgan boshpana izlovchi Umida Azimovaning aytishicha, ushbu organ boshpana izlovchilarni yaqin o‘rtada deportatsiya qilib yuborishi bilan ogohlantirgan.

"Men boshliqlardan so‘rab ko‘rdim. Hech kimning registratsiyasini cho‘zmas ekan. Chiqib ketinglar, Turkiyaga chiqib ketinglar, bo‘lmasam, yaqinda juda katta reyd bo‘ladi, bizlardan xafa bo‘lmalaring, deb bizga tahdid qilishmoqda. Mana hozir 5-6 ayol registratsiyasiz yuribdi. Nima qilishlikni bilmaydi. Orqaga qaytib borayin desa, qo‘rqayapti," deydi Umida Azimova.

Olma otada turmush o‘rtoqlari O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan 13 ta ayol va 50 dan ortiq bola qolgan.

O‘zbekistondan qidiruvga berilmagan, ammo Qozog‘istonda ham qochqinlik maqomini ololmagan yana 8-9 oilaning borligi aytiladi.

Ushbu oilalarning hammasiga Qozog‘iston migratsiya politsiyasi qochqinlik maqomi berishdan bosh tortgan.

O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan erkaklarning ayollari esa Qozog‘istondan qochqinlik maqomi so‘rashdan ma‘no yo‘qligini aytishadi.

"Hozir qochqinlik maqomi so‘rab murojaat qilsam, hamma ma‘lumotlarim O‘zbekistonga ketsa, O‘zbekiston esa meni rasman qidiruvga berib yuborsa, nima qilaman, deb qo‘rqayapman," deydi Umida Azimova.

Azimovaning aytishicha, turmush o‘rtoqlari bilan aynan shunday bo‘lgan: ular Qozog‘istondan boshpana so‘rab murojaat qilganidan 1-2 oy o‘tib, O‘zbekiston tomonidan so‘rov kelgan.

Qochqinlarning huquqini himoya qilish bilan shug‘ullanadigan yurist Denis Jivaga Qozog‘iston hukumati boshpana izlovchilarni istalgan vaqtda deportatsiya qilib yuborishi mumkinligini aytadi.

Yuristga ko‘ra, BMTning qochqinlar bilan ishlash oliy komissarligi boshpana izlovchilar to‘g‘risida qanday mavqe‘da turganini ma‘lum qilishi kerak.

"BMTning qochqinlar bilan ishlash oliy komissarligi ayollar va bolalarga qandaydir yordam bera olishi va ularni boshpana izlovchi sifatida ko‘rishini aniq aytishi lozim. Agar himoyasidagi shaxslar deb bilsa, hukumat bilan ularning shu yerda bo‘lib turishi haqida muzokaralar olib borishi kerak. Aks holda, misol uchun, ularni juma kuni avtobusga solib, O‘zbekistonga berib yuborishlari va biz, hech narsa qila olmay, bu haqda dushanba kuni eshitishimiz mumkin, xolos," - deydi Denis Jivaga.

Jivaga o‘z tashkiloti nomidan BMTning ushbu komissarligiga vaziyatga oydinlik kiritib berishni so‘rab murojaat qilgan.

Ammo shu vaqtgacha javob ola olmagan.