Jinsiy zo‘rlash borasidagi xabarlar ortidan qamoqxona nozirlari ishdan bo‘shatildi

Toshkent yaqinidagi ayollar qamoqxonasida mahkumalarning zo‘rlangani haqidagi xabarlar ortidan qamoqxonaning o‘nga yaqin noziri lavozimidan bo‘shatilgan.

Bu haqda "Ezgulik" jamiyati sobiq mahkumalarga tayanib xabar tarqatgan. Tashkilotga ko‘ra, Zangiota qamoqxonasidagi erkak qo‘riqchilar va qamoqxonada dunyoga kelgan chaqaloqlarning DNK analizlari tekshirilgan.

O‘tgan yili "Ezgulik" uch yarim mingdan ortiq mahbuslar saqlanadigan 64-7 jazo muassasasida to‘rt nafar mahkumaning militsiya xodimlari tomonidan zo‘rlangani haqida xabar tarqatgandi.

Jurnalist va inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, rasmiylar qamoqxonada bunday hollar yuz berganini ochiq tan olishgani yo‘q, ammo inkor ham etishmaydi.

"Chunki, bolalar tug‘ilgan va o‘sha yerda shunaqa holatlar bo‘lgan. Endi bu faqat qamoqxonada holatlarida emas, tergov izolyatorlarida, surishtiruv paytida, umuman, jazoni ijro etish muassasalarini to‘liq qamrab olgan", deydi u.

Ayni paytda huquq faoliga ko‘ra, qamoqxona nozirlar aynan jinsiy zo‘rlash amallari bois ishdan olingani xususida rasmiy dalil yo‘q va "Ezgulik" jamiyati tarqatgan xabar faqat sobiq mahkumalar bilan suhbatga asoslangan.

"O‘nlab mirshablarga qarshi jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgani haqida qo‘limizda xat bor, ammo o‘sha jinoyat ishlarining taqdiri nima bo‘lgani xususida rasmiy ma‘lumot yo‘q", deydi Abdurahmon Tashanov.

BMTning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi O‘zbekiston qamoqxona va hibsxonalarida jinsiy zo‘rlashlarga doir iddaolarni tekshirishga chaqirgandi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди