Chegara bilmas Muxbirlar Tashkiloti o‘zbek jurnalistlari jazoga tortilishini qoralaydi

Image caption "Yoshlar" telekanalining jurnalistlari o‘tgan yil dekabrida Mustaqillik maydonida norozilik chiqishi o‘tkazishlari ortidan ishdan haydalgan

Chegara bilmas Muxbirlar Tashkiloti kecha Jurnalistlar kuni munosabati bilan norozilik namoyishi o‘tkazishga uringan ikki jurnalistning hibsga olinib, jazoga tortilishini qattiq qoralab chiqqan.

Davlat televidenisi sobiq xodimlari Malohat Eshonqulova va Saodat Amonovalar kecha O‘zbekiston Prezidenti Devoni o‘ngida norozilik namoyishlarini boshlashlari bilan fuqaro kiyimidagi xodimlar tomonidan olib ketilgan va Yakkasaroy tuman sudi ularga ma‘muriy jazo tayinlagan.

Ularga O‘zbekiston Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 201-moddasi 1-qismida qayd etilgan huquqbuzarlikni sodir etganlik, ya‘ni maxsus ruxsatga ega bo‘lmaganlari holda namoyish o‘tkazishga uringanlik aybi bilan jarima solingan.

"Oylardirki, adolatdan mahrum etib kelingan Omonova va Eshoqulovalar Jurnalistlar kunining rasmiy soxta marosimlariga haqiqiy tus berish istagida tsenzura va mahalliychilikka qarshi yangi norozilikni tashkil etib, xato qilishdi", deydi Chegara bilmas Muxbirlar Tashkiloti.

"Ular himoyachi olishlariga va hatto ayblov hujjatini o‘qishlariga ham imkon berilmagan. Biz buni mutlaqo adolatsizlik deb bilamiz",- deydi tashkilotning Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Yohan Bihr BBC bilan suhbatda.

Jurnalistlar Prezident bilan uchrashuvni talab qilib kelishgan va undan televideniyedagi "korruptsiya, mahalliychilik va tsenzuraga e‘tibor karatishni" so‘raganlar.

Endi ular so‘nggi chora sifatida ochlik e‘lon qilishgan.

"Yoshlar" telekanalining jurnalistlari Omonova va Eshoqulovalar o‘tgan yil dekabrida Toshkentdagi Mustaqillik maydonida norozilik chiqishi o‘tkazishlari ortidan ishdan haydalgan.

Ikki jurnalist tarqatgan press-relizda O‘zbekiston televideniyesida "sodir bo‘layotgan mahalliychilik, ijtimoiy tengsizlik, guruhbozlik, iqtisodiy o‘g‘irliklarga qarshi" chiqqanliklari va "mavjud muammolar xususida" hukumatning barcha idoralariga murojaat qilishganliklari ta‘kidlangandi.

'Samarali jazo'

Image caption "Jurnalistlarni ishdan haydash hukumat barcha "rasmiy" matbuotni nazorat qiladigan mamlakatda ayniqsa samarali jazodir"

"Jurnalistlarni ishdan haydash hukumat barcha "rasmiy" matbuotni nazorat qiladigan mamlakatda ayniqsa samarali jazodir. Bu ular jurnalistika sohasida biron boshqa ish topa olmasliklarini anglatadi", deydi Chegara bilmas Muxbirlar Tashkiloti.

Tashkilot ishdan haydalganlaridan so‘ng jurnalistlar bir necha bor qo‘rqitishga urinilganiga e‘tibor qaratadi.

Shu bilan birga Chegara bilmas Muxbirlar Tashkiloti bayonotida Omonova va Eshoqulovalarning noqonuniy ishdan bo‘shatilganlik haqidagi da‘volari bilan o‘z sobiq rahbarlarini mahkamaga tortishga urinishlari samarasiz kechgani qayd etiladi.

"Ilk mahkama majlisi sud zalida mustaqil jurnalistlar "noqonuniy" hozir bo‘lganlari aytilib, kechiktirildi. So‘nggi mahkama majlisida himoyachi tushunarsiz ravishda g‘oyib bo‘ldi. Ammo, bu hakamning ularga qarshi qaror chiqarishidan to‘xtata olmadi", deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Chegara bilmas Muxbirlar Tashkilotining qo‘shimcha qilishicha, ularga hozir qariyb 3 million so‘mdan jarima solingan va bu ular uchun qo‘shimcha moliviy mushkulotdir.

Omonovaning tashkilotga aytishlaricha, ular oxirgi mahkamada himoyachi olishga va militsiyaning qonunbuzarlik haqidagi shikoyatini o‘rganib chiqishni talab qilishgan.

"Ammo, ular himoyachiga ehtiyoj yo‘qligi, bunga vaqt yo‘qligini aytishdi", deb aytgan u.

Chegara bilmas Muxbirlar Tashkiloti bu kabi hollar O‘zbekistonga xos ekanini qayd etarkan, matbuot erkinligi bo‘yicha oxirgi hisobotida 178 mamlakat orasidan O‘zbekiston 163 o‘rinni egallaganini eslatadi.

Tashkilotga ko‘ra, Omonova va Eshonqulovaga qilingan munosabat davlat matbuotida faoliyat olib boruvchi boshqa jurnalistlarni qo‘rqitib qo‘yish uchun qilingani aniq.

"O‘zbek hukumati ochiq gapiradigan jurnalistlarni ovozini o‘chirish uchun qamoq jazolari va nomaqbul munosabatni qo‘llaydi. O‘zbekistonda hozirda kamida 11 matbuot xodimi hibsda qolmoqda", deydi Chegara bilmas Muxbirlar Tashkiloti o‘z bayonotida.