O‘zteleradio sobiq muxbirlari ochlikni davom ettirishmoqda

Image caption Jurnalistlar Prezident bilan uchrashishmoqchi...

O‘zbekiston davlat televideniyesining sobiq ikki muxbiri bugun uchinchi kundirki ochlik amalini davom ettirishmoqda.

Uch kundan beri faqat suv ichishayotganini aytgan Saodat Omonovaga ko‘ra, ochlik ularning salomatligiga salbiy ta‘sir qilishni boshlagan.

Dushanba kuni O‘zbekiston Prezidenti Devoni o‘ngida norozilik namoyishlarini boshlashlari bilan fuqaro kiyimidagi xodimlar tomonidan olib ketilgan va Yakkasaroy tuman sudi ularga ma‘muriy jazo tayinlagan edi.

Seshanba kuni Chegara bilmas Muxbirlar Tashkiloti kecha Jurnalistlar kuni munosabati bilan norozilik namoyishi o‘tkazishga uringan ikki jurnalistning hibsga olinib, jazoga tortilishini qattiq qoralab chiqqan.

Jurnalistlar Prezident Karimov bilan uchrashuvni talab qilib kelishgan va undan televideniyedagi "korruptsiya, mahalliychilik va tsenzuraga e‘tibor karatishni" so‘raganlar.

"Yoshlar" telekanalining jurnalistlari Saodat Omonova va Malohat Eshoqulovalar o‘tgan yil dekabrida Toshkentdagi Mustaqillik maydonida norozilik chiqishi o‘tkazishlari ortidan ishdan haydalishgan edi.

Ikki jurnalist tarqatgan press-relizda O‘zbekiston televideniyesida "sodir bo‘layotgan mahalliychilik, ijtimoiy tengsizlik, guruhbozlik, iqtisodiy o‘g‘irliklarga qarshi" chiqqanliklari va "mavjud muammolar xususida" hukumatning barcha idoralariga murojaat qilishganliklari ta‘kidlangandi.

O‘zbekiston jahon bo‘ylab korruptsiya darajasi eng yuqori bo‘lgan davlatlar qatorida yetakchilardan sanaladi.

Davlatning boshqa tizimlari qatorida O‘zbekiston teleradiokompaniyasiga ham muxbirlarga ko‘ra, ta‘magirlik va poraxo‘rlik kabi illatlar begona emas.