Ochlik e‘lon qilgan jurnalistlarning sog‘ligi yomonlashgan

Image caption Jurnalistlar holdan toyganliklariga qaramay, ochlikni davom ettirishlarini aytishmoqda

27 iyundan buyon ochlik qilayotgan O‘zbekiston televideniyesi sobiq jurnalistlari Malohat Eshonqulova hamda Saodat Amonovalarning sog‘ligi yomonlashgan.

Chorshanba kuni ikki marta tez tibbiy yordam chaqirishga majbur bo‘lgan jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, ularning qon bosimi va yurak urishlarini tekshirgan shifokor ahvol "nihoyatda jiddiy" ekanini aytgan.

Ammo shifokorning qat‘iy tavsiyasiga qramay, shifoxonaga borishdan bosh tortgan jurnalistlar "shifoxonaga borishdan bosh tortaman. Shifokorlarga da‘voyim yo‘q” degan mazmunda tilxat yozib berganliklarini aytishmoqda.

O‘zlarining so‘zlariga ko‘ra, jurnalistlar holdan toyishgan va betob, ammo shunga qaramay, ochlikni to‘xtatmoqchi emaslar.

Payshanba 30 iyun kuni ham Saodat Amonovani tez yordam mashinasida kasalxonaga olib borishgan:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

'So‘nggi chora'

O‘zbekiston televideniyesidagi tsenzura, korruptsiya va mahalliychilikdan shikoyat qilayotgan jurnalistlar televideniye rahbariyatini mahkamaga tortish urinishlari natija bermaganidan so‘ng 27 iyun - Matbuot xodimlari kuni Prezident devoni o‘ngida norozilik namoyishi o‘tkazishga uringanlar.

"Muhtaram Prezident Karimov! Bizni qabul qiling" degan plakat ko‘tarib turgan jurnalistlar fuqaro kiyimidagi xodimlar tomonidan militsiya idorasiga olib ketilgan.

Keyinroq mahkama ularni "namoyishlar o‘tkazish tartibini buzganlik" aybi bilan 2 million 900 ming so‘m miqdorida jarimaga tortgan.

Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti Toshkent mahkamasining qarorini qoralagan.

Tashkilotga ko‘ra, Amonova hamda Eshonqulovaga qilingan munosabat davlat matbuotida faoliyat olib boruvchi boshqa jurnalistlarni qo‘rqitib qo‘yish uchun qilingani aniq.

"O‘zbek hukumati ochiq gapiradigan jurnalistlarni ovozini o‘chirish uchun qamoq jazolari va nomaqbul munosabatni qo‘llaydi. O‘zbekistonda hozirda kamida 11 matbuot xodimi hibsda qolmoqda", deb aytgan "Chegara bilmas muxbirlar" o‘z bayonotida.

Qo‘rquv

O‘zbekiston rasmiylari jurnalistlarning ochlik amaliga hech qanday munosabat bildirishmagan.

"Nazarimizda, ular ikki ayolning ochlik e‘lon qilishini nojiddiy qabul qilishmoqda", deyiladi jurnalistlar tarqatgan press-relizda.

O‘zbekiston televideniyesi rahbariyati sobiq xodimlarining tsenzura, mahalliychilik va korruptsiya haqidagi da‘volarini rad etadi.

Ammo chorshanba kuni BBCga gapirgan O‘zbekiston radiosining siyosiy sharhlovchisi Narzulla Oxunjonov Malohat Eshonqulova hamda Saodat Amonovalarning da‘volari asossiz emasligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat televideniyesidagi ahvoldan ko‘pchilik jurnalistlar norozi, ammo ular bu haqda ochiq gapirishdan qo‘rqishadi.

"Biz tashqi mafkuraviy tahdidlar haqida ko‘p gapiramiz. Ammo ichki jimjitlik, sukunatga o‘xshab namoyon bo‘layotgan holat tashqi tahdidlardan ko‘ra ham xavfliroq", deydi O‘zbekiston radiosining siyosiy sharhlovchisi.

U Prezident Karimovning atrofidagilar uni ixotalab qo‘ygani va shuning uchun jurnalistlarning murojaatlari unga yetib bormayotganini aytadi.

Malohat Eshonqulova hamda Saodat Amonovalar prezidentga qilgan 50 dan ortiq murojaatlari javobsiz qolishi ortidan mamlakat rahbarining e‘tiborini qaratish uchun so‘nggi chora sifatida ochlik e‘lon qilganliklarini aytishgan.