Siyosiy mahbuslar taqdirini hal etishda musiqaning qudrati nimaga yetadi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Strasburgdagi oliymaqom kontsert ishtirokchilaridan birining aytishicha, siyosiy mahbuslarning taqdirini hal etishda "musiqa his-tuyg‘uning tili sifatida advokat yoki prokurorning oddiy nutqidan ko‘ra ko‘proq narsaga qodir bo‘ladi".

"Musiqa ozod etadi" (Musica liberat) nomli kontsert Mixail Xodorkovskiy doxil Rossiya qamoqxonalarida qolayotgan o‘nlab siyosiy mahbuslarga bag‘ishlangan.

Musiqiy tadbirda dunyoga taniqli mumtoz musiqa ijrochilari - Gidon Kremer, Yevgeniy Kisin, Misha Mayskiy, Marta Argerix va boshqalar ishtirok etishgan.

Rossiyadagi siyosiy mahbuslarning taqdirlari, hatto, fortepianoda o‘zining qoyilmaqom ijrochilik san‘atini namoyish etgan Litva sobiq Prezidenti Vitautas Landsbergisni ham befarq qoldirmagan.

Gidon Kremerning aytishicha, "kontsert - sozandalarning Rossiyadagi ozodlik, so‘z erkinligi va shaxs himoyasiga qaratilgan insonparvarlik aktsiyalari bo‘lgan".

Sozandalarning nazdida musiqa, umuman olganda, kurash vositasi bo‘lmasa ham, Shopen, Prokofev va Shostakovichlarning tili har qanday siyosatchinikidan ko‘ra burroroqdir.

Kontsert ishtirokchilaridan ayrimlari o‘z vaqtida qamoq azobini o‘z tanalarida his etib ko‘rishgani va shu sababdan ham, bugun Rossiyada nohaq hukm etilib, qamoqxonalarga tashlangan insonlarni o‘z ijrolari bilan dastaklash taklifidan hech qachon voz kechmagan bo‘lishlarini ta‘kidlashgan.

Qayerda, qanday? - O‘zbekiston

Dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlarning hisobotlariga qaralsa, O‘zbekiston qamoqxonalaridagi siyosiy mahbuslarning soni ham ozmuncha emas.

Ammo dunyoning ayrim davlatlarida uyushtirilayotgan sanoqli norozilik namoyishlarini inobatga olmaganda, ularning taqdirlari halicha butun jahonga dong‘i ketgan sozanda yoki xonandalar ishtirokidagi kontsertlarga sabab bo‘lmagan.

So‘z siyosiy mahbuslarning taqdiri haqida ketganda, O‘zbek siyosiy qo‘shiqchiligiga asos solgan o‘zbekistonlik betakror lirik xonanda Dadaxon Hasanov ham musiqaning kuchini inkor etmaydi.

"Musiqa va qo‘shiq insonlarning ruhiga ta‘sir qiladi, zarba beradi yoki ruhni tarbiyalaydi. Shuning uchun ham, qo‘shiq juda qudratli narsa. Qo‘shiq dunyoni buzadi, degan gap bor. Chunki qo‘shiqni hamma eshitadi. Masalan, she‘rni eshitmasligi mumkin, o‘qimasligi mumkin, lekin qo‘shiqni tinglaydi. Chunki qo‘shiqda musiqa - ohang bor. Shu sababdan ham, u dunyodagi har qanday xalqqa yoqadi", deydi o‘zbekistonlik taniqli xonanda.

Dadaxon Hasanov, o‘z o‘rnida, "ozodlik bo‘lsin, ozodlik berilsin, inson ozod yashasin", degan mazmundagi she‘ru qo‘shiqlarni o‘zlari ham aytishlari, lekin ular qamoqxonalardagi mahbuslarning quloqlariga yetib bormasligi, rahbarlar esa, bu kabi ijrolarini eshitmasliklari yoki pisand qilmasliklarini aytadi.

Xonandaga ko‘ra, O‘zbekistondagi siyosiy mahbuslarning taqdirlariga bag‘ishlab, deylik, Strasburg, London yoki Parijda dunyo miqyosida kontsertlar uyushtirilgan taqdirda ham, bu - biror bir ta‘sirga ega bo‘lmaydi.

"Mana, Orol dengizi haqida qancha qo‘shiqlar aytdik. Ammo to‘lishning o‘rniga, Orol qurib ketdiyu. Bu ham shunga o‘xshagan bir gap-da. Hech qanday ta‘sirga ega bo‘lmaydi. Ular o‘zlari bilgan ishni qilishadi, san‘atkorlar o‘zlarining ishlarini qilishadi. Uning uchun demokratiya bo‘lishi kerak. Butun ommaning e‘tibori qaratilishi kerak. Shunaqa kontsert bo‘layapti, deb, hammaga yoyilishi kerak. Keng omma bundan boxabar bo‘lishi lozim. Bu kabi kontsertlar bizning rahbarlarimizga ham ta‘sir qilishi kerak, ammo bunday emas-da", deydi u.

"Siyosiy mahbus"

Xalqaro hisobotchilar nazdida O‘zbekiston qiynoqlar izchil va muntazam ravishda qo‘llaniluvchi davlatlar sirasiga kiritiladi.

Ko‘plab inson huquqlarini himoya etuvchi xalqaro tashkilotlar esa, bu kabi hollarga ko‘proq O‘zbekiston qamoqxonalaridagi diniy va siyosiy mahbuslarning duchor etilishlarini ta‘kidlab kelishadi.

O‘zbekistonlik taniqli dissident shoir Yusuf Juma 2007 yilda prezident Islom Karimovning iste‘fosini talab qilib o‘tkazgan namoyishlari ortidan hibsga olinib, 5 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan va xalqaro hamjamiyatning bosimi ostida yaqinda ozodlikka chiqarilgan.

Hozir AQShda yashayotgan shoirning aytishicha, "O‘zbekistonda siyosiy mahkum - o‘limga mahkum etilgan degani"dir.

"Ayniqsa, ularning ishi prezident Karimovga aloqador bo‘lsa," deydi u.

Yusuf Juma o‘z tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekiston qamoqxonalarida oddiy va siyosiy mahbuslarga nisbatan munosabat bir-biridan nihoyatda farq qilishini ta‘kidlaydi.

"Menga o‘tkazilgan qiynoqlardan, hatto, qamoqxonada uzoq yillardan buyon yotgan dindorlar ham dahshatga tushishgan. Terimni ustara bilan tilib, tilib, ustidan tuz sepishgan. Ikki qo‘limni tepaga, panjaraga kishanlab qo‘yib, ertalabgacha kaltaklashgan. Kechki soat 11 dan tong sahar soat 3 gacha navbat bilan almashib, dubinka bilan tovonimga urib chiqishardi. Siz buni bir tasavvur qilib ko‘ring. Yozda, havo harorati 48 gradus issiq bo‘lgan bir paytda, non yopiladigan, ovqat pishiriladigan pechkalarning ustiga meni tashlab qo‘yishardi. Men uni "Buxenvald", pechkasi deb atardim. Yana qaysi birini aytay?.."

Hozir AQShda shifokorlarning tekshiruvidan o‘tayotgan Yusuf Jumaning aytishicha, kaltaklar oqibatida o‘pkasining yarmi butunlay ishdan chiqqan, yuragi joyidan siljigan, o‘t pufagi ezib tashlangan, biror bir joyim sog‘ qolmagan. Marhamat, istagan kishi tekshirib ko‘rsin, hatto, amerikalik shifokorlarning o‘zlari ham ahvolimdan dahshatga tushishyapti, deydi u.

Dissident shoir, o‘z o‘rnida, hatto dunyoning manaman degan yulduzlari ishtirokida kontsert uyushtirilgan taqdirda ham, bu - O‘zbekiston rahbariyatiga ta‘sir qilmasligini aytadi.

"Men o‘z misolimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, tashqarida tanqidlar, kurashlar qancha ko‘p bo‘lsa, ichkaridagi siyosiy mahbusga shuncha ko‘p azob beriladi. Masalan, mening oilam hech narsadan qaytmay, qanchalik ko‘p kurashsa, men shunchalik ko‘p azob ko‘rardim. Lekin men shunga rozi edim. Meni o‘ldirishsa ham, kurashinglar, dedim. Baribir kurashish kerak".

Dunyoga mashhur sozandalar esa, rossiyalik siyosiy mahbuslarning taqdirlariga e‘tibor qaratish uchun bekorga Strasburg shahrini tanlashmagan.

Chunki Frantsiyaning unchalik ham yirik bo‘lmagan bu shahrida Ovro‘podagi eng yirik uch xalqaro tashkilot - Ovro‘po Kengashi, Ovro‘po parlamenti va Inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasi joylashgan.