Saodat Omonova: 'Ochlikni to‘xtatdim, ammo kurashni davom ettiramiz'

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди
Image caption Jurnalistlar so‘nggi chora sifatida ochlik e‘lon qilganlarini aytishgandi

O‘zbekiston teleradiokompaniyasining sobiq jurnalisti Saodat Omonova salomatligi yomonlashgani bois ochlikni to‘xtatgan.

Saodat Omonova o‘zini yomon his qilganidan so‘ng "Tez tibbiy yordam" chaqirishga majbur bo‘lgani va shifoxonaga olib ketilganini aytadi.

"Doimiy boshog‘riq, doimiy jigardagi, o‘t pufakdagi og‘riqdan qiynalganim uchun kecha yana "tez yordam" chaqirishga majbur bo‘ldik", deydi Saodat Omonova BBC bilan suhbatda.

Unga ko‘ra, shifokorlar unga ochlikning ta‘sirini tasdiqlashni istashmagan.

"To‘g‘risini aytsam, ularni ham ogohlantirishgan. Ular menga ochlik ta‘sir qiladigan, shu oshqozonga, jigarga kasal diognoz qo‘ymasdan, boshqa diognozlar qo‘yishga harakat qilishdi", deydi u.

Saodat Omonova hozir o‘zini yaxshi his qilayotgani, ammo ularning norozilik aktsiyalariga hukumat tarafidan biron-bir munosabat bildirilmaganidan afsusda ekanini aytadi. Unga ko‘ra, bu hol kurashni davom ettirishlaridan to‘xtata olmaydi.

"Biz baribir kurashni davom ettiramiz. Sudda kurashni davom ettiramiz. Juda bo‘lmasa, xalqaro tashkilotlarga chiqamiz. Biz bilamiz, shahar sudi ham, Oliy sud ham baribir televideniyening foydasiga hal qiladi. Lekin, baribir biz oxirigacha boramiz", deydi O‘zbekiston teleradiokompaniyasining sobiq jurnalisti Saodat Omonova.

Malohat Eshonqulova hamda Saodat Amonovalar prezidentga qilgan 50 dan ortiq murojaatlari javobsiz qolishi ortidan mamlakat rahbarining e‘tiborini qaratish uchun so‘nggi chora sifatida ochlik e‘lon qilganliklarini aytishgandi.

Hukumat rasmiylarining biron bir munosabat bildirmayotgani, salomatligi yomonlashib, holdan toyganiga qaramay, Malohat Eshonqulova ochlik aktsiyasini davom ettirishga qaror qilgan.

"Men toki hukumat rasmiylari tarafidan biron bir reaktsiya bildirilmaguniga qalar ochlikni davom ettirishga qaror qildim", deydi Malohat Eshonqulova.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

"Muhtaram Prezident Karimov, bizni qabul qiling!"

O‘zbekiston televideniyesidagi tsenzura, korruptsiya va mahalliychilikdan shikoyat qilayotgan jurnalistlar televideniye rahbariyatini mahkamaga tortish urinishlari natija bermaganidan so‘ng 27 iyun - Matbuot xodimlari kuni Prezident devoni o‘ngida norozilik namoyishi o‘tkazishga uringandilar.

"Muhtaram Prezident Karimov! Bizni qabul qiling" degan plakat ko‘tarib turgan jurnalistlar fuqaro kiyimidagi xodimlar tomonidan militsiya idorasiga olib ketilgan.

Keyinroq mahkama ularni "namoyishlar o‘tkazish tartibini buzganlik" aybi bilan 2 million 900 ming so‘m miqdorida jarimaga tortgan.

Malohat Eshonqulova hali ham hukumat ularning arziga quloq tutishi mumkinligiga umid qilayotganini aytadi.

"Hechdan ko‘ra, kech deyishadiku, zora kech bo‘lsa ham qiziqib ko‘rsa, adolatning qaror topishiga jonbozlik ko‘rsatsa, degan niyatda ochlikni davom ettirishga qaror qildim", deydi Malohat Eshonqulova.