Olmoniyaning Yashillar partiyasi O‘zbekiston bilan munosabatlarni isloh qilmoqchi

Image caption Yashillar partiyasi taklifi Bundestagda ko‘rilishi mumkin

Olmoniyadagi Yashillar partiyasi parlamentga O‘zbekiston bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish haqidagi taklifni kiritgan.

BBC qo‘lga kiritgan taklif loyihasida ikki tomonlama aloqalar O‘zbekistondagi inson huquqlararining ahvoli bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq bo‘lishi kerakligi aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, hozirda Bundestagning tashqi aloqalar qo‘mitasi tomonidan o‘rganilayetgan taklif kelayotgan oylarda ovozga qo‘yilishi mumkin.

Yashillar partiyasi anchadan beri Olmoniyaning O‘zbekiston bilan aloqalarini tanqid ostiga olib keladi.

Inson huquqlari va axloqiy tashqi siyosat yurgizish masalasi olmon siyosatchilari va ayniqsa yashillar uchun hamisha muhim masala bo‘lib kelgan.

Bu partiya 1980 yillarda yadro quroliga qarshi tinchlik harakati asosida siyosiy sahnaga chiqqan.

O‘zbekiston bilan munosabatlar masalasi esa o‘tgan may oyida Olmoniyaga Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov safar qilgan chog‘i yana kun tartibiga ko‘tarilgan edi.

Safar davomida Berlinda bir guruh faollar O‘zbekistonda hibsda ushlab turilgan huquq faollarining ozod etilishi talabi bilan qator namoyishlar o‘tkazishdi.

Image caption Tashqi ishlar vazirining Berlinga safari davomida O‘zbekiston xalq harakati shahar markazida qurultoy o‘tkazgan edi

Bu borada olmon siyosatchilari ham o‘z fikrlarini janob Norovga izhor etdilar. Uchrashuvlar chog‘ida hozir bo‘lgan ba‘zi manbalarning aytishlaricha, bu izhorotlar janob Norovning jig‘iga tekkan.

Janob Norovning safari chog‘ida o‘zbek muxolifati a‘zolarining Berlinda ochiqchasiga o‘z quruloyini o‘tkazgani ham unga yoqmagani aniq.

Shundan so‘ng yaqinda O‘zbekiston tomoni Olmoniya parlamenti hay‘atining O‘zbekistonga kuz oylarida rejalangan safarini bekor qildi.

Bunga sabab janob Norovning Berlinga safari yaxshi o‘tmaganimi va yo Olmon yashillari bu vaziyatni Toshkentga nisbatan siyosatni qat‘iylashtirish uchun omil sifatida ko‘rmoqdalarmi aytish qiyin.

Lekin ikki o‘rtadagi munosabatlar risoladagidek emasligi borasida aniq belgilar zohir bo‘lmoqda.

Parlament petitsiyasida nimalar deyiladi?

Image caption Olmon siyosiy arboblarining tanqidi Norov janoblarining "jig‘iga" tekkan...

Petitsiyada O‘zbekistonga nisbatan anchayin keskin tanqidlar yangragan. Lekin Olmon hukumati ham bu tanqidlardan xoli qolmagan.

Unda aytilishicha Olmoniya hukumati O‘zbekistonning Ovro‘podagi eng muhim hamkorlaridan biri rolida ega bo‘lgan ta‘siri va mavjud siyosiy bosim yo‘llariga qaramay O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvolini yaxshilash uchun yetarlicha choralarni amalga oshirmagan.

Shuning uchun qo‘shimcha qilinishicha, amalda Berlin bu sohada deyarli sukut saqlab kelmoqda va inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan muloqot deya atalayotgan jarayondan ham Ovro‘po Ittifoqi va ham O‘zbekiston uchun ayni masalada chuqurroq hamkorlikdan bosh olib qochish uchun bahona sifatida foydalanmoqda.

Petitsiyada aniq amallar ham talab qilinadi. Masalan, Olmoniyaning Toshkentdagi elchixonasida mahalliy insonn huquqlari faollariga yordam berib birgalikda ishlash uchun alohida bir mansab tayinlashi, davlat tomonidan tazyiqqa uchrayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun vizalar berilishi va Termizdagi qarorgohda joylashtirilgan olmon askarlariga mamlakatdagi inson huquqlari vaziyati borasida ma‘lumot berilishi kerakligi aytilgan.

Hammasi bo‘lib bu kabi 22 taklif Olmon hukumatidan talab qilingan.

Tanqid ostiga olingan sohalar ro‘yxatida esa o‘zbek rasmiylaridan tortib, qiynoqlar, jurnalist va faollarning hibga solinishi va majburiy bolalar mehnatidan foydalanishgacha bor.

Tanqiddan naf bo‘ladimi?

Image caption Rasmiy Toshkent tanqidlardan "jonlanadimi" yo ...

Bir narsa aniq, bu Olmoniyada O‘zbekiston borasidagi bahslarning yana jonlanishiga olib keladi, ayniqsa bu petitsiya parlamentda mubohasa qilinib ovozga qo‘yiladigan pallada "jonlanish" ko‘zga tashlanishi mumkin.

Olmon hukumatidan anchayin qat‘iy savollar so‘ralashi ham tayin, hukumat esa bu masalalar ikki tomonlama muloqotlar va Ovro‘po Ittifoqi orqali muntazam muhokama qilinishi haqida aytadi, albatta.

Lekin e‘tiborga loyiq yeri shuki, petitsiya aynan ana shu masalaga e‘tibor qaratmoqda, ya‘ni bu aytilayotgan muloqot shunchaki xo‘jako‘rsinga ekanligi urg‘ulanmoqda.

Yashillar partiyasi Olmon siyosatida anchayin yirik kuch, hukumat tarkibida ham hozir va bugun qator mahalliy hokimiyatlarda vakillariga ega.

Xullas, bu qadamni yon-atrofdagi kuchlar tomonidan qilingan deb bo‘lmaydi. Umuman olganda Olmon siyosiy sahnasidagi ko‘plab shaxslar bu petitsiyada aytilgan fikrlarga qo‘shiladilar.

Lekin parlamentda bo‘lib o‘tadigan bahslar ikki tomonlama munosabatlardagi noqisliklardan ham ko‘proq, Olmoniyaning Afg‘onistondagi 5 ming askariga ta‘minot yetkazishda Termizdagi havo bazasiga qaramligi masalasini ham ochib bersa kerak.