Toshkent: viloyatdan kelgan fuqarolar ommaviy ravishda chiqarib yuborilmoqda

Image caption Bayram arafasida militsiya xizmatning kuchaytirilgan tartibiga o‘tgan

Mustaqillikning 20 yillik sanasi arafasida Toshkentda ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolar majburan uylariga jo‘natilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, viloyatdan kelganlarni avtobuslarga o‘tqazib, majburan uylariga yuborish o‘tgan hafta oxiridan boshlangan.

Bu mamlakat mustaqilligining yubiley tantanalari doirasida ko‘rilayotgan xavfsizlik choralarining bir qismidir.

Toshkentdagi manba‘larning aytishicha, poytaxtda propiskasi bo‘lmagan yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmay ishlab yurgan fuqarolar militsiya tomonidan ushlanib, "Panelьnыy" dahasida joylashgan "Daydilarni saqlash va taqsimlash markazi" hamda Qo‘yliq dahasidagi "Vaqtinchalik ish bilan ta‘minlash markaz"lariga olib kelinmoqda va u yerdan avtobuslarda yashash joylariga yuborilmoqda.

Toshkent har yili mustaqillik bayrami arafasida viloyatdan kelganlardan tozalanadi, ammo bu yil yubiley munosabati bilan xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilgani aytilmoqda.

O‘zbekistonda ichki migratsiya, jumladan, qancha odamning viloyatlardan Toshkentga kelib ishlashi bilan bog‘liq statistik raqamlar oshkor etilmaydi.

Norasmiy maba‘larga ko‘ra, har yili kamida 1 million odam tirikchilik ilinjida poytaxtga ish izlab keladi.

Jurnalist va inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning aytishicha, bunga viloyatlardagi ishsizlik, infratuzilmalarning butunlay barbod bo‘lgani sabab.

"Qanchalik kuch ishlatilmasin, Toshkentga oqib kelayotgan ichki muhojirlar oqimini to‘xtatib bo‘lmaydi. Hukumat buning o‘rniga ishsizlik masalasini hal etish, joylarda aholining ijtimoiy ahvolini yaxshilash choralarini ko‘rishi zarur", -deydi Abdurahmon Tashanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buni viloyatdan kelganlarni poytaxtdan haydab chiqarayotgan militsiya xodimlarining o‘zlari ham e‘tirof etishadi.

"Men "Daydilarni saqlash va taqsimlash markazi"ga yaqin turaman. U yerdagi militsiya xodimlari bilan suhbatda bo‘laman. Ularning o‘zlari ham viloyatdan kelganlarni haydab chiqarish bilan muammoni hal etib bo‘lmasligini tan olishadi", - deydi jurnalist.

Toshkent shahar ichki ishlar Boshqarmasi Jamoat tartibini saqlash bo‘limi mulozimi Bi-bi-sining poytaxtda ko‘rilayotgan xavfsizlik choralari haqida ma‘lumot berishni so‘rab qilgan murojaatini javobsiz qoldirdi.

Ismini aytishni istamagan mulozim "20 yildan buyon Boshqarmada xizmat qilishi, ammo hech qachon hech kim unga bu kabi so‘rov bilan murojaat qilmagani"ni aytdi.

Propiska va poraxo‘rlik O‘tgan oy oxirida O‘zbekiston hukumati olti oylik tanaffusdan so‘ng viloyatdan kelganlarning poytaxtda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishlariga ruxsat bergan.

Shu yil boshida fuqarolarning doimiy va vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishlari to‘xtatilgan edi.

O‘tgan oy O‘zbekiston parlamentining quyi palatasi - Oliy Majlis poytaxtda ro‘yxatdan o‘tish tartibini belgilovchi maxsus qonun loyihasini muhokama qilgan.

Qonun chiqaruvchilarga ko‘ra, ushbu hujjat "viloyatlardan poytaxtga kelayotgan aholi vakillari uchun qulaylik yaratadi".

Unda "Propiska" so‘zi shu holicha saqlab qolingan.

Adolat.uz portalining qonun muhokamasiga bag‘ishlangan xabarida aytilishicha, ayrim deputatlar "propiska" iborasiga e‘tiroz bildirishgan, ammo Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi N.Ismoilov "mazkur so‘z bundan avvalgi xujjatlarda shu tarzda qayd etilgani, uni o‘zgartirish moliyaviy va tashkiliy ishlarni talab etishi"ni aytgan.

Kuzatuvchilar sovet davridan saqlanib qolgan propiska tartibini qonun orqali mustahkamlash mamlakat xududida fuqarolarning erkin harakatlanishini kafolatlovchi mamlakat Konstitutsiyasiga zid ekanini aytishadi.

Vaqtinchalik ro‘yxat fuqarolarga Toshkentda ishlash, o‘qish va tibbiy yordam olish huquqini beradi.

Hozirda asosan, poytaxdan uy-joy sotib olgan yoki toshkentliklar bilan nikoh qurayotganlarning vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilayotgani aytiladi.

Guvohlarning aytishlaricha, shu kunlarda poytaxt militsiyasining xorijga chiqish-kelish bo‘limlari-OVIR idoralari tepasida "Poraxo‘rlik-illat" degan shiorlar yozilganini ko‘rish mumkin.

Propiska tartibi amalda militsiya uchun katta daromad manbayi ekani aytiladi.

So‘nggi yillarda Toshkentda propiskadan o‘tish narxi 5 ming dollarga qadar ko‘tarilgan.

Poytaxtda vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmay, ishlab yurgan fuqarolar esa militsiya tomonidan ta‘magirlik qurbonlari bo‘lishadi.