O‘zbekiston 8 nafar AQSh fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi

O‘zbekistondan olingan xabarlarga ko‘ra, mahalliy aholini nasroniy diniga kirishga targ‘ib etishda ayblanib, amerikalik sakkiz fuqaro mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Bu haqda gorizont.uz veb sahifasi xabar tarqatgan.

Xabarda aytilishicha, "o‘zlarini biznesmen yoki ingliz tili o‘qituvchisi deb tanishtirgan sakkizovlon o‘zbek talabalarini protenstanlik mazhabiga jalb etish uchun noqonuniy missionerlik faoliyatini olib borishgan".

Ayon bo‘lishicha, Amerika fuqarolari o‘zbek tilida ravon so‘zlashishgan va o‘zlarini Jahongir, Husan, Jasur, Farhod kabi o‘zbekcha ismlar bilan atashgan.

Frans-Press axborot agentligining bildirishicha, AQShning Toshkentdagi elchixonasi "fuqarolarining shaxsiy ishlari" ekanini aytib, ushbu xabarni sharhlashdan bosh tortgan.

Aholisining 90 foizi musulmon sanaluvchi O‘zbekistonda barcha turdagi missionerlik faoliyati taqiqlangan.

Bundan bir necha hafta burun esa, Alabama shtati federal mahkamasi Amerikada noqonuniy yashaëtgan 22 yashar O‘zbekiston fuqarosi Ulug‘bek Qodirovni prezident Barak Obama haëtiga tahdid qilishda ayblagandi.

Agar o‘zbekistonlikning aybi sudda tasdiqlansa, o‘zbekistonlik sobiq talaba Amerika prezidenti haëtiga tahdid qilish bilan bog‘liq bandning har biri uchun 5 yildan, noqonuniy qurolga egalik bo‘yicha qo‘yilaëtgan bandlarning har biri uchun 10 yildan qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin.

Ammo AQSh matbuoti prokurorlar bu ayblarni tasdiqlovchi dalil-isbotni mahkamaga taqdim qilmagunlaricha, aybsizlik prezumptsiyasiga muvofiq Ulug‘bek Qodirov aybsiz sanalishini bayon qilgandi.

O‘zbekiston va AQSh orasidagi aloqalar esa, birtekis emas.

Rasmiy Vashington O‘zbekistonni Natoning Afg‘onistondagi amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun olqishlaydi.

Ammo rasmiy Toshkentning inson huquqlari bilan bog‘liq abgor ko‘rsatkichlarini ham davomiy ravishda tanqid etib keladi.

Bu O‘zbekistonning missionerlikda ayblab, xorijiy fuqarolarni ilk bor ortga qaytarib yuborishi emas.

O‘tgan yili ham bir AQSh va uch nafar Janubiy Koreya fuqarosi O‘zbekistonda yashirincha missionerlik faoliyatini olib borgani uchun jarimaga tortilgan va mamlakatdan chiqarilib yuborilgani xabar berilgandi.