Rossiya: muqim qolmoqchi bo‘lgan muhojirlar rus tilidan imtihon topshirishadi

Image caption Rossiyada mehnat muhojirlari soni 5 milliondan ko‘proq ekani xabar qilinadi

Rossiyada doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan muhojirlardan rus tilidan imtihon olinadi, deb e‘lon qildi Rossiya Federal Muhojirlik Xizmati direktorining o‘rinbosari Yekaterina Yegorova.

Yaqin kelajakda Rossiyada doimiy yashash hujjatiga da‘vogarlik qilayotgan nomzodlarni baholash uchun bal tizimi joriy etiladi, deya aniqlik kiritdi u.

Ball tizimida asosiy unsurlardan biri rus tilini bilish bo‘ladi.

Avvalroq Rossiya Muhojirlik Xizmati uy-joy va kommunal xo‘jaliklar sohasida ishlovchi muhojirlarni sinovdan o‘tkazish taklifi bilan chiqqandi.

Biroq mutaxassislar yangi tartibni tadbiq etish oson bo‘lmasligini aytishadi. Ularning ishonishicha, yangi tartib Rossiyada korruptsiya bozorining kengayishiga xizmat qiladi xolos.

Hozirda Rossiyaga kelgan mehnat muhojirlaridan ishlash uchun ruxsatnoma olish talab qilinadi.

Ushbu ruxsatnomani olish uchun muhojirlardan yashayotgan mintaqalariga ko‘ra, 15 mingdan 30 ming rublgacha to‘lash va yashash joylarida ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi.

Mehnat muhojirlari kerakmi?

Image caption Rossiyaga kelib ishlayotganlarning aksari Markaziy Osiyoliklardir.

O‘tgan yili Jahon banki Rossiya hukumatini mamlakatga mehnat muhojirlarini ko‘proq jalb etishga chaqirgan edi.

Jahon bankiga ko‘ra, Rossiyada tobora qisqarayotgan ishchi kuchining o‘rnini qoplash uchun yaqin 20 yilda 12 million mehnat muhojiri jalb etilishi lozim bo‘ladi.

Bank mutaxassislari fikrlaricha, Rossiya aholisi soni kamayib kamayib borayotgani iqtisodda salbiy aks etishi mumkin.

Rossiya rasmiylari mehnat muojirlari jalb etilishi lozimligini tan olishsada, jamiyatda muhojirlarga bo‘lgan munosabat hamon murakkabligicha qolayotir.

Irqchilik asosida muhojirlarga hujumlar soni ortib bormoqda.

Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, yaqin 10 yil ichida Rossiyada mehnatga layoqatli aholi soni yiliga bir foizga qisqarib boraveradi.

Asosan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan mehnat muhojirlari Rossiyada aksariyat holatlarda kam ish haqi to‘lanadigan "qora ishlar"ni bajarishadi va deyarli har qadamda kamsitishga duchor bo‘ladi.

Global iqtisodiy inqiroz Rossiyada mehnat muhojirlari ahvolini yanada qiyinlashtirgani aytiladi.

Hukumat o‘tgan yili Rossiya o‘z fuqarolarini ish bilan ta‘minlash, ularning huquqlarini himoya etish maqsadida muhojirlarga belgilangan kvota mikdorini ancha kamaytirgan edi.

2011 yil bo‘yicha butun Rossiya buyicha qariyb 2 million horijlikka ishlash kvotasi ajratilgan.

Mutaxasislarga ko‘ra, birgina Moskvada 2 millionga yaqin mehnat muhojirlari ishlayotgani hisobga olinsa, ushbu kvota miqdori nihoyatda kamdir.

Federal migratsiya xizmati rahbariyatiga ko‘ra, Rossiyada hozirda 5 milliondan ziyod xorijlik ishchi mehnat qiladi.

Ulardan faqat 1,5 millionigina mehnat qilish ruxsatnomasiga ega.