Saida Qurbonova: meni militsiyaxonaning ikkinchi qavatigacha sudrab olib chiqishdi

Image caption Militsiya xodimlarining munosabatidan keyin Saida Qurbonovaning salomatligi yomonlashgan

Jizzaxlik amaldorlarning O‘zbekiston qonunlariga zid qarorlariga qarshi norozilik chiqishi uyushtirmoqchi bo‘lgan ikki ayol viloyatning Paxtakor tuman militsiya idorasida majburan ushlab turilgan.

Natijada, ulardan biri, jizzaxlik taniqli inson huquqlari himoyachisi Saida Qurbonovaning salomatligi yomonlashgan.

"O‘zbekistonda norozi insonlar yo‘q, ayniqsa Mustaqillik bayrami arafasida kimningdir norozilik amaliyotiga chiqishi aql bovar qilmaydigan narsa."

Buni Jizzax viloyati Paxtakor tumani militsiyasi xodimlarining inson haqlari faoli Saida Qurbonovaga ko‘rsatgan muomalalariga dasturilamal bo‘lib xizmat qilgan xulosa, deyish mumkin.

"Rahbarlar gaplashmoqchi", deb inson haqlari faolini tuman militsiya idorasiga olib borishadi, u yerdan ketmoqchi bo‘lganida esa, ketishga ruxsat berishmaydi.

"Meni ikkinchi qavatgacha sudrashdi", deb aytdi Saida Qurbonova.

Saida Qurbonova paxtakorlik Nurniso Xolboyevaga inson huquqlari himoyachisi sifatida ko‘mak bergan.

Paxtakor tuman mahkamasi Nurniso Xolboyevani o‘zi yosh bolasi bilan yashayotgan qavatli turar-joy binosidagi xonadonidan propiskadan chiqarish haqida qaror chiqargan.

"Hokimiyat tortib olayapti", deydi Saida Qurbonova.

Uning aytishicha, uyi noqonuniy tortib olinib, ko‘chada qolishiga to‘g‘ri kelayotgan Nurniso Xolboyeva O‘zbekistondagi turli mutasaddi idoralarga, hatto O‘zbekiston prezidenti devoniga murojaat qilgan.

Biroq natija bo‘lmaganidan keyin Nurniso Xolboyeva Jizzax viloyatidagi turli mutasaddi idoralar ыarshisida norozilik amaliyoti uyushtirishi haqida e‘lon qilgan.

Buning oldini olish maqsadida paxtakorlik militsionerlar Nurniso Xolboyevani ham, unga huquqiy maslahat bergan Saida Qurbonovani ham ichki ishlar bo‘limiga olib ketganlar.

15 avgust kuni deyarli kun davomida Saida Qurbonovani ham, Nurniso Xolboyevani ham militsiyaxonada ushlab turishgan.

Saida Qurbonovaning aytishicha, Paxtakor tuman militsisiyadagilar uning o‘zini odamlarni protestlarga undayotgan faol sifatida ko‘rishayapti va bunga qarshi chora ko‘rishni o‘zlarining burchi deb bilganlar.

Jurnalistlar Paxtakor tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan bog‘langanlarida, militsiya mulozimlari ikki kishining g‘ayriixtiyoriy ushlab turilganini rad etganlar.

Oradan bir kun o‘tib, tibbiy yordam olganidan keyin ham kechagi jismoniy va ruhiy bosimlar tufayli o‘zini yomon his qilayotganini aytgan Saida Qurbonova, tez orada prokuratura hamda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga militsiya xodimlarining o‘zboshimchaligidan shikoyat qilish niyatida ekanini aytdi.