O‘zbekistonda yangi ijtimoiy tarmoq tashkil etilmoqda

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

O‘zbekistonda Muloqot.o‘z nomli yangi internet ijtimoiy muloqot tarmog‘i tashkil etilmoqda.

Bu borada xabar bergan Regnum xabar agentligiga ko‘ra, kelayotgan sentyabrdan ish boshlaydigan ushbu ijtimoiy tarmoq Facebook kabi ijtimoiy tizimlarga raqobat sifatida tuzilmoqda.

Ammo, O‘zbekiston dunyodagi intenetni eng qattiq cheklovchi va nazorat qiluvchi davlatlardan biri sifatida bilinadi.

Shunga qaramay, O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar bilan bir qatorda ijtimoiy tarmoqlarga ulanganlar soni ham ortib borayotgani aytiladi.

So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yarim yilida dunyodagi eng ommabop ijtimoiy tarmoq - Facebookdan foydalanuvchi o‘zbekistonliklar soni 33 foizga oshgan va hozir ularning soni 85.000ga yaqinlashgan.

Bundan tashqari O‘zbekistonda Twitter, Skype, ICQ kabi aloqa tarmoqlari ommalashib bormoqda.

Rasman har kuni 400 mingga yaqin o‘zbekistonlik Rossiyaning Odnoklassniki.ru muloqot tarmog‘iga kiradi.

Odnoklassniki.ru, vkontakti.ru, mail.ru kabi qator ijtimoiy sahifalar ham O‘zbekistondagi eng ommabop tarmoqlarga aylanib bo‘lgan.

Rasman ma‘lumotlarga ko‘ra, har kuni 400 mingga yaqin o‘zbekistonlik Odnoklassniki.ru muloqot tarmog‘iga kiradi.

Maqsad nima?

Muloqot.o‘z ijtimoiy tarmog‘ining Facebookdagi rasmiy sahifasida yozilishicha, "tarmoq millati, diniy e‘tiqodi va ijtimoiy holatidan qat‘iy nazar fuqarolik jamiyati rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shish niyatida bo‘lgan sog‘lom fikrlovchi hamda mas‘uliyatli kishilarni birlashtirish" ko‘zda tutilgan.

Internetni tadqiq etuvchi jurnalist Qudrat Bobojon esa, O‘zbekistonda yangi muloqot sahifasini tashkil etish bilan "boshqa sotsial tarmoqlar, Rossiya va boshqa mamlakatlarga qarashli bo‘lgan, umuman, internet qatlamida ochilgan ijtimoiy tarmoqlarga alternativ" ochilayotganini aytadi.

Ammo unga ko‘ra, bu bilan o‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqdan foydalanuvchilar ustidan nazorat o‘rnatish ham maqsad qilingan.

"Albatta, bu "Arab bahori" degan to‘lqinning kelishi bilan ko‘plab davlatlar internetning nazorat qilinishidan manfaatdor. Chunki, internet mana shu inqiloblarni amalga oshirishda juda katta qurol bo‘lib xizmat qilyapti", deydi jurnalist.

"Ilgari YouTubedagi kontentga qarama-qarshi o‘zbeklar o‘zlarining saytlarini ochishgandi. Sababi, buniyam nazorat qilishni istaydi, lekin shuncha katta miqdorda mablag‘ va imkoniyat yo‘q, deb o‘ylayman O‘zbekistonda".

Ammo, Qudrat Bobojonga ko‘ra, Skype, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilishga urinishlar ko‘pincha samarasini berayotgani yo‘q. "Va hukumatlar o‘zlarining mana shunday muqobil tarmoqlarini ochish orqali buni (nazoratni) yo‘lga qo‘yishni istashadi", deya fikr bildiradi jurnalist.

Qudrat Bobojonning aytishicha, xali Muloqot.o‘z ning ham muvaffaqiyati haqida gapirishga erta.

"Ammo, bunday kontentning ochilishi yoki yangi bir brendning paydo bo‘lishi bilan muvaffaqiyat qozona olmaydi. Buning uchun vaqt kerak avvalo. Bundan tashqari, shu o‘rinlar, mana shu internetdagi qatlam egallangan. Internetdan foydalanuvchi anchayin konservativ odamlar o‘zlari bilgan narsasiga kirishadi. Masalan, Facebook, Moy mir yoki Odnoklassniki.runi tanlagan o‘zbek foydalanuvchisi hech qachon Muloqot.o‘z ni tanlashi mumkin emas. U yerda uni hech kim kutayotgani yo‘q", deydi jurnalist.