Rus telekanalida shikoyat bilan chiqqan toshkentlik faol uyida tintuv o‘tkazilgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Ko‘rsatuvda Tatyana Dovlatova nafaqaxo‘r qo‘shnisining qiyin ahvolda yashayotgani haqida gapiradi

O‘zbekistonlik inson huquqlari faoli Tatyana Dovlatova uyida dushanba kuni kechqurun tintuv o‘tkazilgan. Mahalliy ichki ishlar boshqarmasidan kelgan tintuv guruhi uning o‘g‘lining giyohvand moddalar savdosiga aloqadorligini tekshirish uchun tintuv o‘tkazilishi kerakligi haqida buyruqni ko‘rsatishgan.

Dovlatovaning o‘zi esa bu amallarni o‘zining huquq faoli sifatidagi faoliyati bilan bog‘lamoqda.

Unga ko‘ra, o‘tgan aprel oyida Rossiya 1 telekanalining "Maxsus muxbir" dasturida namoyish etilgan ko‘rsatuvda O‘zbekistondagi rus jamoasi hayoti haqida bergan intervyusi tufayli unga nisbatan tazyiqlar oshgan.

Faol BBC bilan suhbatda tintuv uchun kelganini aytgan militsiya xodimlarini uyiga kiritmaslikka uringanini aytdi.

"Menga muhr bosilmagan tintuv buyrug‘ini ko‘rsatishdi. Shahar ichki ishlar boshqarmasiga telefon qilib so‘rasam, muhr bosilmagan buyruq bo‘lsa, kiritmang deyishdi. Lekin eshikni buzishga tahdid qilganlari uchun kiritishga majbur bo‘ldim," deydi u.

Dovlatova xonim uyidan hech nima topilmaganini bildirdi.

"Hech narsa topishmadi, protkol yozishdi, lekin menga berishmadi. Men bugun borib o‘zim zo‘rg‘a olib keldim protokol nusxasini. Bilasizmi, men yashirmayman, o‘g‘lim ichishni yaxshi ko‘radi. Lekin hech qachon giyohvand moddalar savdosiga aralashgan emas. Oxirgi bir oy mobaynida uning ketidan muttasil ravishda kuzatib yurishgandi," deydi u.

Tatyana Dovlatovaning o‘g‘li hozirda hibsda saqlanmoqda. Faol esa bu amal bilan rasmiylar uning ovozini o‘chirishga urinishayotganiga ishonadi.

"Ular shu bilan mening og‘zimni yopishmoqchi. Meni badnom qilishmoqchi. Men bezorimanmi? Shu vaqtgacha mahkama ikki marotaba menga nisbatan bezorilikda hukm chiqardi. Buning hammasi ana shu jarayonning bir qismi," deydi u.

Ruslar shikoyati

Rossiya 1 telekanalida 24 aprel kuni namoyish qilingan ko‘rsatuv ortidan toshkentlik faollar Yelena Urlayeva, Tatyana Davlatova va Viktoriya Bajenovalar uyiga bir guruh ayollar bostirib kirishgan va ularni ko‘chaga olib chiqib do‘pposlashga urinishgandi.

Hujumchilar faollarga "Rossiyangga yo‘qol, bo‘lmasa o‘ldiramiz" deya tahdidlar qilishgan.

Ko‘rsatuvda nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni Qirg‘izistonda etnik rus millatiga mansub kishilar qanday kun kechirayotgani haqida hikoya qilinadi.

Unda Dovlatova va boshqa faollar rus adabiyotiga bo‘layotgan hurmatsizlik, ko‘chalardan rus arboblarining nomlari olib tashlanayotgani, rus adabiyoti kitoblari yoqib yuborilayotgani haqida so‘z yuritishadi.

Yana bir faol Toshkent mavzelarida rus tilidan ta‘lim beradigan maktablar va bog‘chalar yo‘qolib borayotganidan shikoyat qiladi.

Tatyana Dovlatovaning da‘vo qilishicha, o‘zbek rasmiylari uni o‘z so‘zlaridan qaytishini istashadi.

"Ular meni Rossiya televideniyesiga yolg‘on gapirganman deb aytishimni xohlashyapti," deydi u.