Nega Islom Karimov Dushanbe sammitiga bormayapti?

Фото муаллифлик ҳуқуқи rf
Image caption Prezident Islom Karimov oxirgi oyda sobiq Sho‘ro respublikalari rahbarlari jamuljam bo‘lgan ikki anjumanga bormaslikka qaror qilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov kelgusi hafta oxirida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tajak Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlari sammitida ishtirok etmaydi.

Bu haqda xabar bergan Tojikistondagi O‘zbekiston elixonasi sammitga O‘zbekiston prezidenti o‘rniga Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev borishini aytgan.

Prezident Islom Karimov ikki hafta muqaddam Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining norasmiy sammitida ham ishtirok etmagandi.

BBC Prezident Karimovning Dushanbega tashrif buyurmasligi ortida turgan sabablar haqida tahlilchi, "Fergana.ru" Axborot agentligi Bosh muharriri Daniil Kislov bilan suhbatlashdi.

Daniil Kislov: Agar so‘nggi yillarga qarasak, biz O‘zbekistonning Ovroosiyo iqtisodiy hamjamiyatidan rasman chiqqanini, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti faoliyatida amalda ishtirok etmayotganini ko‘ramiz. Bu gal Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammitiga Bosh vazir Mirziyoyevning borayotgani ham O‘zbekiston prezidentini bunday tashkilotlar faoliyati unchalik qiziqtirmasligini anglatadi. Amalda bu tashkilotlar haqiqatdan ham samarasiz. Buni Islom Karimov yaxshi biladi. Bu yerda yana bir nuqta bor. Agar MDH rahbarlari biror ish qilmoqchi bo‘lsalar, bunga Karimov ataylabdan qarshi chiqadi. Va albattaki, bu galgi sammitning Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgani Karimovni undan uzoqlashtirayapti. Biz Dushanbe va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi paytlarda og‘ir davrni boshdan kechirayotganini yaxshi bilamiz. Avval Prezident Karimov Dushanbega safar qilganida, televizor ekranlari o‘ngida u doimo Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan quchoqlashib ko‘rishardi. Garchand, ikki prezident bir-birini yoqtirmasligi hech kimga sir bo‘lmasa-da. Aftidan bu gal Islom Karimov ushbu ramziy salom-alikni ham ortiqcha deb bilayotganga o‘xshaydi.

Savol: Agar MDHni samarasiz bir tashkilot deb hisoblasa Islom Karimov qanday munosabatlarni istaydi? Unda qanday rejalar bo‘lishi mumkin?

Daniil Kislov: Bilasizmi, oxirgi paytlarda Prezident Islom Karimovning MDH davlatlari bilan yoki yaqin qo‘shnilari bilan munosabatlari buzilib borayapti. Qirg‘iziston bilan bo‘lgan aksar chegaralar va bojxona nuqtalari berkitilgan. Qozog‘iston bilan ham muammolar talaygina. Lekin ayni damda O‘zbekiston iqtisodiy munosabatlarni o‘zining uzoq hamkorlari bilan rivojlantirayapti. Bular Xitoy, Janubiy Koreya va albattaki Qo‘shma Shtatlar. Karimovga yaxshi shartlarda pul beradiganlar bilan, sarmoya yotqizadiganlar bilan do‘stlik qilish foydaliroq. O‘zbekiston prezidentining ishonishicha, hamkorlik uchun yaqin qo‘shnilarning o‘zlari uning yoniga egilib kelishlari zarur.

Savol: Lekin O‘zbekiston infratuzulmasi sobiq Sovet respublikalariga chambarchas bog‘liq-ku. Qolaversa, millionlab o‘zbek mehnat muhojirlari aynan qo‘shni davlatlarda ishlashadi. Janob Karimovni bu holat xavotirga solmaydimi?

Daniil Kislov: Bu yerda ilk navbatda Qozog‘iston va Rossiya haqida gapirish kerak. Ba‘zi ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiyada mavsumiga qarab, 5 millionga yaqin o‘zbek mehnat muhojirlari yashaydi. Mening ishonchim komilki, Islom Karimovga Kremldagilar, "xavotir olmang, o‘zbek mehnat muhojirlariga zangori chiroq doimo yoniq bo‘ladi, qolaversa, Rossiyaning mehnat muhojirlariga ehtiyoji bor", deya va‘da berganlar. Aksincha, mehnat muhojirlarining borligi Islom Karimovga O‘zbekistondagi ba‘zi iqtisodiy muammolarni, ayniqsa ishsizlikni hal qilishga yordam beradi.

Savol: Islom Karimovning MDH davlatlaridan uzoqlashish siyosati oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin deb o‘ylaysiz?

Daniil Kislov: Mening o‘ylashimcha, bu ilk navbatda O‘zbekiston iqtisodiyotiga zarba beradi. O‘zbekiston singari tranzit mamlakatdan Xitoy, Qirg‘iziston va yo Tojikiston kabi mamlakatlarning mollari o‘tmasligi yaxshilikka olib kelmaydi. O‘zbekiston birgina tranzitning o‘zidan yaxshigina daromad olishi mumkin edi. Buning o‘rniga, bilamizki, Tojikiston bilan chegaralarga minalar yotqizilgan, qirg‘iz chegaralari esa yopilgan. Islom Karimov olib borayotgan siyosat - o‘ziga qarshi yo‘naltirilgan siyosat. Xo‘sh, u nimadan qo‘rqadi? Bunga javob oddiy - Islom Karimov o‘z xalqining oyoqqa qalqishidan, rangli inqiloblardan qo‘rqadi.