Kasodga uchragan Zeromaksdan 100dan oshiq shirkat qarzlarini qaytarib ola biladimi?

Image caption Alisher Taksanov o‘zbekistonlik sobiq diplomat va iqtisodchi

Bu hafta Shveytsariyada o‘tgan may oyida kasodga uchragani e‘lon qilingan Zeromaks o‘zbek-shveytsar shirkatining kreditorlari ilk yig‘inlarini o‘tkazganlar.

Zeromaks bilan kelishuvlarga qo‘shilib ish olib borgan 100dan oshiq xalqaro shirkatlar endi 5 milliard dollar miqdoridagi pulni qaytarib berishni talab qilishmoqda.

Ular orasida Toshkentdagi "Forumlar saroyi" qurilishiga jalb etilgan olmon shirkati, ukrain milliarderi va "Gazprom Germaniya" kabi shirkatlar bor.

O‘zbekiston iqtisodida cheksiz imkoniyatlardan bahramand bo‘lib kelgan Zeromaks o‘zbek prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga aloqadorligi aytib kelingan.

BBC Shveytsariyada yashovchi iqtisodiy tahlilchi Alisher Taksanovdan avvalo g‘arblik kreditorlarning Zeromaksdan pul undirib olishi qanchalar imkonli ekani haqida so‘radi.

Taksanov: Men buning imkonlari minimal deb o‘ylayman, chunki Zeromaks boshidanoq firibgarlik shirkati sifatida barpo etildi. Ya‘ni u yashirin usullar bilan kapitalni xorijga olib chiqishga ixtisoslashgan idora edi. Undan biron narsani undirib olish imkoniyatlari deyarli nolga teng. Balki o‘zbek hukumati eng ko‘p janjalga sabab bo‘layotgan qarzlarni to‘lash majburiyatini o‘z bo‘yniga olar, lekin 5 milliard dollarni qaytarish bu imkonsiz. Nemislar ham, boshqa kreditorlar ham, bu shirkatga qarz berishayotganlarida bilishardi Zeromaks qanday tashkilot ekanini va o‘yin qoyidalarini. Undan tashqari, bu kreditorlar sharqona bir qoidani anglab yetgandilar, u ham bo‘lsa shartnomaga kim imzo chekkani muhim emas, balki uning ortida kim turgani muhimroq. Ular Zeromaks aslida Islom Karimov oilasining shirkati ekani bilishardi va bundan foyda ko‘rishga intilganlar. Ayniqsa nemislar pragmatik xalq, ular kimdan qanday foyda ko‘rishni bilishadi. Lekin, afsuski Zeromaks o‘ziga keragini undirdiyu, g‘oyib bo‘ldi, va undan endi hech nima qaytarib olib bo‘lmaydi. Bu sharqona ayyorlik va sharqona shafqatsizlik degani.

BBC: Demak, siz Zeromaks tuzilganidayoq uning kasodga uchrashi avvaldan rejalangan deb o‘ylaysiz, shundaymi?

Taksanov: Albatta, albatta. Tasavvur qiling, 20 ming shveytsar frank nizom jamg‘armasiga ega va avval hech qachon hech qaysi mamlakatning iqtisodida o‘zini ko‘rsatmagan bir shirkat to‘satdan O‘zbekistondagi barcha neft va gaz sohasidagi nazorat paketlariga ega bo‘ldi. Neft va gazdan tashqari, oltin va quruvchilik sohasidagi shartnomalarni qo‘shing. Bu shirkat o‘zbek iqtisodining deyarli yarmiga egalik qila boshladi. Uni bir juftlik tuzgan deyildi, lekin agar ularning ortida real shaxslar turmaganida, buning imkoni bo‘lmasdi. Real shaxslar esa bu Karimov va uning oilasi.

BBC: Lekin, bu da‘vo, xolos, bu hech qayerda isbotlanmagan. Siz nimaga asoslanib qilayapsiz bu da‘voni?

Taksanov: O‘ylab ko‘ring, yashirin sxema tuzilganda, ipning uchi butkul yashirib qo‘yiladi, ya‘ni hech kim hech narsani isbotlay olmasligi uchun. Shuning uchun buni bilvosita isbotlash mumkin - ya‘ni qanday qilib neft va gazga sarmoya kiritadigan shirkat to‘satdan Toshkentdagi "Forumlar Saroyi"ning qurilishini o‘z qo‘liga oldi? Zeromaks gaz qazib chiqarish va telekommunikatsiya kabellarini yotqizishga ixtisoslashgan deyilgan bo‘lsa, qanday qilib u birdaniga fuqarolik inshootlarini qura boshladi? Bu loyihaning byudjeti ham noaniq edi, endi esa u 1 milliard dollar bo‘lgani qalqib chiqmoqda. Bu bino kimga va nimaga kerak edi? Uning rentabelligi yo‘q. Masalan, yodgorliklar qurilganda, davlat uning rentabilligi yo‘qligini biladi va bu boradagi majburiyatlarni o‘z bo‘yniga oladi. Byudjeti 100 million dollardan oshadigan binolar omma orasida muhokama etilishi kerak. U o‘zi xalqqa kerakmi, yo‘qmi...

BBC: Nimaga uni qurishdi deb o‘ylaysiz?

Taksanov: Bu pul yuvish uchun qurilgan. Katta miqdorda pul kiritilgan, Zeromaks G‘arb quruvchilari va sarmoyalarni jalb qilgan, tinchgina o‘z kanallari orqali hammasini qonuniylashtirgan va pulning barchasi ofshor hududlardagi va G‘arb banklaridagi hisoblarga qo‘yilgan. Hozir audit o‘tkazish juda qiyin bo‘ladi, chunki asosiy hujjatlar, ya‘ni pullar qayerga va qanday sarflangani borasidagi hisob-kitob O‘zbekistonda saqlanadi. Mas‘ul shaxs deb ko‘rilgan Mirodil Jalolov g‘oyib bo‘lgan. Balki uni qamoqqa olishgandir. Zeromaks egasi sifatida unga da‘volar qilinganda, O‘zbekiston oddiygina qilib, "kechirasiz, u iqtisodiy jinoyat sodir etdi, 20 yilga qamalgan. 20 yildan so‘ng da‘volaringizni ko‘rib chiqamiz," deyishi mumkin. 20 yildan keyin esa, Nasriddin Afandi aytganidek, yo eshak o‘ladi yo podshoh...

BBC: Ba‘zi tahlilchilar Zeromaks kasodga uchrashi bilan va unga qarshi kreditorlar mahkamaga shikoyat qilishi bilan O‘zbekistonning xalqaro bozordagi imidjiga shikast yetdi deyishayapti. Lekin bu imidj avvval ham yaxshi bo‘lmagan, shunday emasmi? Sarmoyadorlar ko‘p marta qopqonga tushganlar. Biroq, shunga qaramay ular kelishda davom etishayapti va o‘zbek qonunlariga binoan o‘ynashayapti. Buyog‘iga ham bu davom etsa kerak?

Taksanov: O‘zbekistonning imidji avvaldanoq ma‘lum. Barcha xalqaro tashkilotlar reytingida O‘zbekiston eng oxirgi o‘rinlarni egallab keladi. U yerda hukumatning yoki sarmoyadorlarning faoliyatini kuzatuvchi Xalqaro Valyuta Jamg‘armasining vakolatxonasi yo‘q. Jahon banki loyihalari cheklangan. Ovro‘po Taraqqiyot va Tiklanish Banki ham shunday ahvolda. Ya‘ni xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston sarmoya uchun yaxshi joy emasligini biladi. U yerda ishlamoqchi bo‘lgan xorijiy shirkatlar esa boshidanoq korruptsion kelishuvlar haqida juda yaxshi bilishadi. Zeromaks bilan ishlagan tashkilotlar ham bundan ogoh edilar. Afsuski, ularning og‘zi kuyib qoldi va endi ko‘p narsa talab qila olishmaydi, chunki boshidan shu yashirin korruptsion sxemaga o‘zlari qo‘shilganlar.