Mustaqillikning 20 yili: dam olish kunlari kimga foyda, kimga zarar?

Image caption Mustaqillik kunini hamma har xil bayram qiladi

Mustaqillikning 20 yilligi munosabati bilan prezident Islom Karimov dam olish kunlarini ko‘chirgan va natijada o‘zbekistonliklar 4 kun ketma-ket dam olish imkoniga ega bo‘lgan.

O‘zbekistonda bayram munosabatlari bilan dam olish kunlarini o‘zgartirish odatiy holga aylangan, ammo aholisining aksar qismi bozor iqtisodi sharoitlarida kun kechirishga o‘tgan shaharliklar 4 kun dam olish oila byudjetiga ta‘sir qilishini aytishadi.

Qishloq xo‘jaligida esa bayram qilish uchun pul topish muammo ekanligi ta‘kidlanadi.

Ilk suhbatdoshimiz Nargiza mustaqillik bilan tengdosh, u talaba bo‘lish bilan birga qo‘shimcha ish bilan ham shug‘ullanadi. Nargiza 4 kunlik bayram ayni muddao bo‘lganini aytadi.

"Nafaqat yurtimiz, balki mani o‘zim ham 20 yoshni qarshilayman. Qanaqadir hayajon kuchli, chunki 20 yosh insonning go‘zal davri deyishadi. Bayramni o‘ziga xos nishonlash niyatim bor, lekin uning qanday bo‘lishini hali o‘ylab ko‘rganim yo‘q", deydi toshkentlik Nargiza.

O‘zbekistonda ketma-ket to‘rt kun dam olish deb e‘lon qilingani Nargiza singari hammani hammani ham hursand qilmayotir. Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi ismi o‘zgartirilgan Shokirbek oilasini boqish uchun 2 ta joyda ishlashiga to‘g‘ri keladi. Shokirbek 4 kun dam olsak, tirikchilik qanday o‘tadi deydi.

"Sizga hech kim bekordan bekorga non choy bermaydi-ku. To‘rt kun dam olaman desa tadbirkor qancha zararga ketib qolishi mumkin. Ishi to‘xtab qolishi mumkin", deydi Shokirbek

Qishloq joylarda 4 kun bayram qilishning hech iloji yo‘q. Mavsumiy ishlashga o‘rgangan qishloq xo‘jaligida hatto shanba, yakshanba kabi dam olish kunlari ham unut bo‘lgani aytiladi.

Fermer xo‘jaligida ish yurituvchi bo‘lib ishlovchi ismi o‘zgartirilgan Akrom faqat 1 sentyabr kuni dam olishga vaqt ajrata olishini aytadi.

"Bayram kunidan boshqa vaqti dalada bo‘lamiz. 1 sentyabr kuni bayram qilamiz. Chunki hozir paxtaga oxirgi suvini qo‘yyapmiz. Lekin bayramlarni kanda qilmaymiz. Har bayram kuni chiqamiz. Bolalarga pul berib aylanishga chiqamiz. Pulni bankdan ish haqqi sifatida olamiz", - deydi traktorning shovqinida dalada ishlab yurgan Akrom.

Jizzax viloyatida fermerlik qiluvchi yana bir suhbatdoshim o‘z haqini talab qilish bo‘yicha rahbarlar orasida ancha tanilgan. Ammo shunday bo‘lsa-da ismini oshkor qilmaslikni afzal bildik. Bu fermer ish ayni qizigan vaqtida 4 kun dam olish hech kimning hayoliga kelmayotganini aytadi.

"Oddiy paxtaga ishlatiladigan solyarka yo‘q. Hech kimda yo‘q. Hozir narezka olish kerak, chekanka qiladigan joylari bor. Suv qo‘yish kerak, o‘q ariq oladigan joylari bor. Bir joyda solyarka yo‘q. Necha kundan beri yo‘q. Kelib hokimga aytdim, prokurorga aytdim. Hech kim miq etmaydi," - deydi jizzaxlik fermer.

Fermerning aytishicha, bunday muammolar bor bo‘lib turgan vaqtda bayramni o‘ylash xayolga ham kelmaydi.

"Bolalarga maktab uchun ust - bosh qilish kerak, tirikchilikni o‘ylab bayramni eslaganimiz ham yo‘q. Qo‘l ostimdagi ishchilar ham bayram qilmaydi. Hammasi qo‘l uchida yashaydi, bankdan hech narsa bermaydi. Faqat do‘q-po‘pisa, haqorat va xo‘rlash", - deydi fermer.