Toshkentda xavfsizlik choralari O‘IH jangarilari bois kuchaytirildimi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption O‘zbekiston mustaqilligi bayrami nishonlanadigan kunlarda barcha kuch tizimlari favqulodda xizmat tartibiga o‘tkaziladi

Poytaxt Toshkentda xavfsizlik choralari oldingi yillardagidan ham ko‘proq kuchaytirildi, O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati xodimlariga ko‘ra, Afg‘on-O‘zbek chegarasida va Toshkentga kiraverishda shubhali shaxslar qo‘lga olingan.

Bu haqda O‘zbekistondagi 12.uz Internet-portali xabar tarqatgan.

12.uz xabarida aytilishicha, O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi bayrami nishonlanishi, musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyining yakunlanishi va yangi o‘quv yilining boshlanishi bir vaqtga to‘g‘ri kelgani poytaxt Toshkentda, Farg‘onada va Afg‘oniston bilan chegarada xavfsizlik choralarining kuchaytirilishiga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston rasmiy idoralari mavqeini yoritadigan Internet-Axborot portali O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmatining Kamron B deb tanishtirilgan tahlilchisi so‘zlarini keltiradi.

"Bizda Afg‘oniston bilan chegarada, shuningdek, Toshkentga kiraverishda bir necha shubhali shaxslar qo‘lga olingani faktlari bor. Bundan tashqari, ma‘lumki yirik sanada tartibsizliklarni keltirib chiqarish O‘zbekiston Islomiy Harakatining rejasiga kirishi mumkin", deb aytgan MXX tahlilchisi.

O‘zbekiston poytaxtida mustaqillik bayramiga tayyorgarlik bir necha oy ilgari boshlangan, Toshkent oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarning har doimgidan erta imtihon va sinovlarni topshirish talab etilgani ana shu tayyorgarlik bilan tushuntirilgan.

Toshkent shahri va viloyatlardagi masjidlarning mas‘ullari musulmonlarning Ramazon oyi mobaynida ado etadigan E‘tikof namozlari uchun masjidlarda qolishlariga ruxsat bermaganlar.

Bu Ramazon oyining uchinchi o‘n kunligi avgust oyining oxirgi o‘n kunligiga to‘g‘ri kelgani va xavfsizlikni ta‘minlash maqsadidagi taqiq deb izohlangan.

31 avgust kuni ertalab O‘zbekiston masjidlarida Ramazon Hayiti namozlari o‘qilgan.

31 avgust O‘zbekistonda Qatag‘on qurbonlarini xotirlash kuni sifatida nishonlanadi, ertalab mamlakat rahbarlari Toshkentdagi "Shahidlar xotirasi" xiyoboni va Mustaqillik maydonidagi "Mustaqillik va Ezgulik monumenti" deb nomlangan yodgorlikni ziyorat qilganlar.

Kechqurun Alisher Navoiy bog‘ida mustaqillik bayramining asosiy tantanalari nishonlangan.