Chiptalar sotib bo‘lingan, biroq New Yorkda Gulnorani katta namoyish kutmoqdami?

Image caption Maqola O‘zbekiston prezidenti va uning to‘ng‘ich qizini qattiq qoralaydi.

AQShda chop qilinadigan New York Post gazetasi bosh sarlavhasini O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga bag‘ishlagan.

Maqola "Qotil diktatorning qizi modalar haftaligida o‘zining bahorgi kollektsiyasini namoyish qilmoqchi" deya nomlanadi.

"O‘z siyosiy dushmanini tiriklay qaynatgan, va minglab vatandoshlarini qiynoqlarga solgan, o‘ldirgan va qul qilgan zolimning erkatoy qizi Linkolьn markazida o‘tadigan Modalar haftaligida o‘z bahorgi kollektsiyasini oshkor qiladi," deb yozilgan maqolaning ikl satrlarida.

Maqolada 15 sentyabrga mo‘ljallangan tomoshaga qarshi Xalqaro ishchilar xuquqlari forumi tashkiloti norozilik namoyishini o‘tkazishi rejalanayotgani aytiladi.

Washingtonda joylashgan Xalqaro ishchilar huquqlari forumi jahon bo‘ylab ishchilarga adolatli va insoniy munosabat uchun kurashuvchi nohukumat tashkilotdir.

BBC ayni tashkilot vakili Tim Nyumanni suxbatga tortib, avvalo prezident qizi moda tomoshasini ko‘rsatsa, buning nimasi yomon ekani haqida so‘radi.

Nyuman: Gulnora Karimova, O‘zbekiston hukumatining rasmiy vakili sifatida, o‘z mamlakati paxta dalalaridagi majburiy bolalar mehnatiga qarshi yangrayotgan xalqaro tanqidlardan yaxshi ogoh bo‘lishi kerak. U o‘z liboslarida mahalliy gazlamalarni ishlatayotganidan shunchalar faxlanar ekan, bolalar mehnatiga oid vaziyatdan juda yaxshi xabardor bo‘ladi. U shuni bila turib o‘z kollektsiyasini namoyish qilishiga imkoniyat berilmasligi kerak deb o‘ylaymiz.

BBC: Lekin, Amerikada Gulnora Karimovani naqadar yaxshi bilishadi? Sizning namoyishu chaqiriqlaringiz biron natijaga yetaklaydi deb o‘ylaysizmi?

Nyuman: To‘g‘ri, albatta, u AQShda Guchchi yo Dolche va Gabbana kabi nomi chiqqan dizayner emas. Lekin, eshitishimcha, uning shousiga barcha chiptalar sotib bo‘lingan. Shunday ekan, unda ko‘p sonli moda sanoati rahbarlari va matbuot vakillari qatnashadi. Uning liboslari sifatida haqida xabar tarqatilishi bu bir narsa, lekin uning ortidagi kattaroq manzaraga boqish kerak. U ham bo‘lsa bolalarning majburan dalaga olib chiqilayotgani. Chunki aynan shu masala AQShdagi iste‘molchilarni hafa qilishi mumkin. O‘tgan bir necha yil davomida AQShdagi juda ko‘p yirik savdo shirkatlari bolalar mehnati tufayli o‘zbek paxtasini ta‘qiqlab qo‘yishgan. Bunga esa iste‘molchilar bosimi sabab bo‘lgan. Gulnora Karimova mashhur kishi bo‘lmasligi mumkin, lekin bolalar mehnati va paxta masalasi AQShda borgan sari ko‘p xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

BBC: Qanday namoyish o‘tkazishni rejalayapsiz?

Nyuman: Gulnoraning moda shousi tashqarisida piket o‘tkazamiz, lekin o‘zimiz ham bir ijodiy moda tomoshasini qo‘ymoqchimiz. Unda 100tacha odam qatnashadi, yosh yigit va qizlar majburiy bolalar mehnatiga qarshi surat va shiorlar yozilgan, hamda ular bunday mehnat mahsuli bo‘lgan kiyimlarni kiyishni istamasliklari yozilgan maykalarni kiyib, podiumda yurib berishadi. Qo‘shilishga qiziqayotganlar soni tobora ko‘paymoqda.

BBC: Siz o‘z xavotirlaringiz haqida Modalar haftaligi tashkilotchilariga murojaat qildingizmi?

Nyuman: Mening tashkilotim bevosita ularga murojaat etmadi, lekin Human Rights Watch guruhi bu tomoshaning eng bosh homiylaridan bo‘lgan IMGga murojaat qilgan. Bu shirkatning munosabati matbuotda chop etildi, o‘z bayonotida ular O‘zbekistondagi inson huquqlari toptalishi hollaridan dahshatga tushganlari va Human Rights Watch va boshqa tashkilotlar bilan yelkama-elka turib O‘zbekistonda bu kabi hollarga qarshi chora ko‘rilishiga qarshi ishlashga bel bog‘lashganini aytiladi.

BBC: Nima deb o‘ylaysiz, Mishel Obama Guli kiyimlarini kiyarmikan?

Nyuman: (Kuladi) Yo‘q, buning hozircha guvohi bo‘lganim yo‘q. Uning kiyimlarini kiyish o‘rniga, balki Mishel Obama Gulnoraga bir sim qoqar va O‘zbekistondagi paxta dalalaridagi majburiy bolalar mehnatini to‘xtatishga qarshi qattiqroq kurash deb aytadi deb umid qilamiz.