Mustaqil O‘zbekiston: "Yo‘q bo‘lsa, qarab o‘tiramiz erta-indin pensiya beradi deb..."

Sho‘rolar Ittifoqi qulaganiga bu yil 20 yil to‘ldi.

Kommunizmdan bozor iqtisodiyoti, diktaturadan demokratiyaga o‘tishlarini baralla bayon qilgan sobiq Sho‘ro davlatlaridagi bugungi vaziyat qanday?

Oradan 20 yil o‘tib, ushbu mamlakatlar aholisi o‘z turmushlaridan qanchalar mamnun? Ularning hayotlari orada kechgan vaqt davomida qanday o‘zgarishlarga yuz tutdi?

Biz O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi sanasida ushbu savol bilan turli toifa o‘zbekistonliklarga murojaat etdik.

Navbatdagi qahramonimiz o‘zbekistonlik nafaqaxo‘r Surayyo opa:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Umrining yarmidan ko‘pini sobiq Sho‘rolar Ittifoqi davrida yashagan nafaqaxo‘r Surayyo opaning turmush o‘rtog‘i qazo qilganiga olti yilcha bo‘lib qolgan. Hozir yolg‘iz o‘zi yashaydi.

O‘z vaqtida hamshira bo‘lib ishlagan Surayyo opa bugun 150.000 so‘m nafaqa oladi. U nafaqa pullari o‘z vaqtida berilsa-da, uning qanchaga yetishi o‘zining sarf-xarajatiga bog‘liq ekanini ta‘kidlaydi.

Surayyo opaning aytishicha, nafaqaxo‘r deb, uy solig‘idan ozod etilgan, ammo "svet-pvet"larni tejab, bir oylik nafaqa pulini hamma narsaga amal-taqal qilib yetkazishga harakat qiladi.

"Yoshim bir joyga borib qolgani uchun, kiyim-kechak degan narsaga unchalik ko‘p e‘tibor berib o‘tirmaymiz, nimamiz bo‘lsa, shuni kiyib chiqamiz", deydi Surayyo opa.

"Tobi qochib qolgan qo‘ni-qo‘shnimga ukol qilib ham uncha-muncha pul topaman, ammo judayam kam..."

Uning aytishicha, Toshkentda yashaydigan qizi va Rossiyada ishlaydigan o‘g‘li ham ozmi-ko‘pmi yordam berib turadi.

Sho‘ro davrining yaxshi jihatlarini xotirlarkan, Surayyo opa o‘sha paytlarda turmush o‘rtog‘i ham yaxshi maosh olgani, nafaqa pulining kamligi bois, hozirgidek qisinib yashamaganliklarini qistirib o‘tadi.

Surayyo opa qarz olishni yomon ko‘rgani bois, pulsiz o‘tirsa ham, birovdan bir tiyin olmasligi, uyida faqat biror bir narsa buzilib qolgan taqdirdagina, o‘sha narsaga pul xarjlashini aytadi.

"Sovet davrida kreditga ko‘p narsalar olganman. Hali turmushga chiqmagan paytlarimda... Mebellar, garniturlar, televizor oluvdim. Hozirgi paytda magazinlardan kreditga hech narsa ololmaysiz".

Surayyo ona pulsiz, biror narsa sotib olishna muhtoj bo‘lgan paytlari ham bo‘lishi, uyidagi bor narsadan - unmi, kartoshkami, piyozdan bir narsa pishirib, yeb o‘tirishini aytadi...

Davomi bor.

Ushbu turkumdagi suhbatlarimiz bilan bugundan boshlab, "Daraklar" dasturimiz va veb sahifamiz orqali tanishib borishingiz mumkin bo‘ladi.