Paxtaga bolalar safarbarligini o‘rgangan faollarga qonunni buzganlari aytildi

O‘zbekistonda paxta yig‘im terimida bolalar safarbarligini o‘rganishga intilgan ikki faol militsiya tarafidan ushlangan.

Gulshan Qorayeva va Nodir Ahatovlar Qashqadaryoning Koson tumanida bolalar paxta dalasiga tashlanganini o‘rganishga harakat qilishlari ortidan bir necha soat militsiya maskanida tutib turilgan.

"U dalaga bu dalaga borib, maktab o‘quvchilarining mehnatidan foydalanilayaptimi-yo‘qmi degan qiziqishimiz bor edi. U yerda 4-sinf qizchasi ham paxta terib yurganini ko‘rdim-da, qiziqib, bordim yoniga. "Nechanchi sinfda o‘qiysan?" deb so‘ragandim: "74-maktabda to‘rtinchi sinfda o‘qiyman", dedi. Koson tumani 74-maktabda o‘qir ekan", deydi Gulshan Qorayeva.

Faollar paxta dalasidan qaytayotgan mahal militsiya idorasiga olib ketilgan.

Gulshan Qorayevaning aytishicha, ularga qonunni buzganlari aytilgan va buyumlari olib qo‘yilgan.

"Bosim o‘tkazishdi, "Kosonga boshqa qaytib kirmayman", deb tilxat yozib berasizlar deb turib olishdi. Keyin sumkamni, qo‘l telefonim, fotoapparatim, hamma narsamni olib qo‘yishdi", deydi huquq faoli.

Shundan so‘ng, faollarga rasman ogohlantirish berilgan va buyumlari qaytarib berilib, qo‘yib yuborilgan.

O‘zbekiston hukumati paxta yig‘ib-terimida bolalar mehnatida foydalanish to‘xtatilishiga va‘da berganiga qaramay, joriy yilgi yig‘im-terim mavsumida ham maktab o‘quvchilari va oliygohlar talabalari safarbar etilayotganiga oid xabarlar kelmoqda.

Mutaxassislar O‘zbekistonda yiliga yuz minglab o‘quvchi va talabalar paxta terimiga jalb etiladi.

O‘zbekistonlik rasmiylar esa, bunga o‘xshash holatlar mavjudligini rasman inkor etishadi va aksar hollarda paxta terimiga safarbarlikni o‘quvchilar o‘z xohishlari bilan qilayotgan ish sifatida izohlashadi.

Koson tumani paxta dalasida bo‘lib qaytgan Gulshan Qorayevaga ko‘ra ham dalada yosh bolalarning paxta terayotganlariga guvoh bo‘lganini aytadi.

"Endi man o‘zimning ko‘rishim bo‘yicha, bittasidan so‘radim to‘rtinchi sinf ekan. Lekin, fermerlar: "U onasi bilan chiqqan", deyishadi. Hozir hammasi o‘rgatilgan-da, onasiga yordamga chiqayapti degan gapni qilishyapti. Aslida dalada hammasi yosh bolalar yuribdi, lekin", deydi Gulshan Qorayeva.

U terim mavsumi bois maktablar yopilmagan esa-da, bu o‘quvchilarning paxta terimidan ozod ekanlarini anglatmaydi.

"Maktablar yopilgani yo‘q, o‘qish ketyapti. Ertalab o‘qiydiganlar tushdan keyin paxtaga chiqayotgan ekan, tushda o‘qiydiganlar ertalab paxtaga chiqyapti", deydi Qarshilik inson haqlari faoli Gulshan Qorayeva.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди