Server Jeparov yana bir bor "Osiyoning eng yaxshi o‘yinchisi" deb topilishi mumkin

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Server Jeparov Osiyo Futbol Konfederatsiyasining "2011 yilning eng yaxshi o‘yinchisi" nominatsiyasiga nomzodlar qatoridan joy oldi.

Server Jeparov ushbu maqomga da‘vogarlik qilayotgan yagona Markaziy Osiyo mintaqasi vakilidir.

O‘zbekistonlik sara futbolchi 2008 yilda ham "Osiyoning eng yaxshi o‘yinchisi", deb topilgandi.

Serverdan tashqari yangi ro‘yxatda yana Osiyo qit‘asi davlatlaridan bo‘lgan 14 ta futbolchi bor.

Ulardan aksariyatini Janubiy Koreya va Yaponiya vakillari tashkil etishadi.

Jumladan, 2010 yilgi Osiyo Kubogining eng kuchli o‘yinchisi, deb topilgan Keysuke Xonda ham ushbu maqomga da‘vogarlik qilmoqda.

Ammo, ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash joizki, ushbu ro‘yxat 2014 yilgi Jahon chempionatining saralash bosqich o‘yinlaridan keyin yana o‘zgarishi mumkin.

Server Jeparov "Osiyoning eng yaxshi o‘yinchisi" bo‘lish bilan birga bir necha bor "O‘zbekistonning eng zo‘r futbolchisi", deb ham topilgan.

Bu yilgi "Osiyoning eng yaxshi futbolchisi" 23 noyabr kuni aniqlanadi.

Server Jeparov

Yangi ro‘yxatga tushgan Osiyo qit‘asi vakillari bilan taqqoslarkan, o‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev Server o‘zining mehnatkashligi bilan ajralib turadi, deydi.

"Server Jeparov o‘zini yarim himoyachilar qiladigan qora ishlardan olib qochmaydi. To‘psizmi, to‘p bilanmi, to‘pni olish, to‘pni sheriklariga oshirib berish, yangi kombinatsiyalarni boshlab berish borasida Server haqiqatdan ham Osiyodagi eng kuchli o‘yinchilardan biri".

Taniqli futbol sharhlovchisi Server Jeparovning milliy terma jamoa o‘yinlarida bo‘ladimi yoki klub uchrashuvlarida, katta tezlikda o‘ynash olish mahoratiga ega ekanini ham urg‘ulaydi.

"Server birinchi daqiqadan oxirgi daqiqagacha maydonda jon berib harakat qilishi bilant ro‘yxatdagi qolgan raqib nomzodlardan anchagina ustun", deydi Axbor Imomxo‘jayev.

Uning aytishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardorini yana bir bor "Osiyoning eng yaxshi futbolchisi" ro‘yxatiga kiritishda mas‘ullar uning ana shu jihatlarini inobatga olgan bo‘lishlari tayin.

O‘zbekiston futboli afsonasi Birodar Abduraimov ham qolgan raqiblariga qaraganda, Serverning taktikasi, texnikasi yaxshi, deydi.

Unga ko‘ra, "bunaqa qobiliyatni futbolchiga faqat Xudo beradi".

"Maydonda miyasi tez ishlaydi. Tepni zudlik bilan kimga oshirishni biladi. Uning shu tomonlariga yaxshi baho berishyapti".

Faxriy futbolchi yoshi 30 ni qoralab qolganiga qaramay, Server yaxshi formada ekanini ham ta‘kidlaydi.

"Yaqinda Yaponiya milliy terma jamoasiga qarshi uchrashuvda ham Server yaxshi o‘yin ko‘rsatdi".

Statistika

Agar o‘tgan yilgi rasmiy ma‘lumotlarga qaraladigan bo‘lsa, Server Jeparov "Paxtakor" va "Bunyodkor" saflarida Osiyo chempionlari ligasida o‘tkazgan 58 uchrashuvida raqiblari darvozasiga sakkizta to‘p kiritgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi saflarida kiritgan to‘plari soni esa, o‘ndan ortadi.

Shu yilning iyul oyida Saudiya Arabistonining "Al-Shabab" klubi bilan uch yilga shartnoma imzolab, Server o‘zbekistonlik eng qimmat legioner futbolchiga aylangani aytilgandi.

"Bunyodkor" yulduzi so‘nggi mavsumni Janubiy Koreyaning "Seul" jamoasida o‘tkazgandi.

Server to‘p surgan yil "Seul" o‘tgan o‘n yil badalida ilk bor yana Janubiy Koreya chempioni bo‘lgandi.

Ammo Janubiy Koreya Oliy ligasida o‘ttizdan ortiq uchrashuv o‘tkazgan bo‘lsa, bor-yo‘g‘i bir marotaba to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Server Jeparov sardorligi ostida Qatarda bo‘lib o‘tgan 2010 yilgi Osiyo Kubogida qoyilmaqom o‘yin ko‘rsatib, o‘z tarixida ilk bor qit‘aning eng yaxshi to‘rt jamoasi saflariga kirgandi.

"Osiyoning eng zo‘r o‘yinchisi", deb topilgan 2008 yilda esa, "Bunyodkor" klubi Osiyo chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.