O‘zbekiston dunyoning ko‘p mamlakatlarida muqobili yo‘q toza yonilg‘i ishlab chiqarmoqchi

Image caption Sintetik suyuq yoqilg‘i turlaridan biri aviatsiya kerosini

Toshkentda "O‘zbekneftegaz" Malayziyaning Petronas, Janubiy Afrikaning Sasol shirkatlari bilan sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarish zavodini qurish bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolangan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Oqsaroy qarorgohida Malayziya va Janubiy Afrika shirkatlarining rahbarlarini qabul qilgan.

Sintetik suyuq yonilg‘ini Qashqadaryo viloyatidagi Sho‘rtan gaz-kimyo zavodida ishlab chiqarilgan metandan olish mo‘ljallangan.

Shu maqsadda Uzbekistan GTL(gas-to-liquids) deb nomlangan qo‘shma korxona barpo etilgan.

Qo‘shma korxonada Janubiy Afrikaning Sasol shirkati va "O‘zbekneftegaz" 44,5 foizdan, Petronas 11 foizlik hissalarga ega.

Yangi korxona yiliga 1 million 400 ming tonna yonilg‘i ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, yangi zavod gazdan yuqori texnologiyali, MDH va Ovro‘po mamlakatlarida muqobili yo‘q ekologik toza sintetik suyuq yonilg‘i, xususan, Euro-4 va Euro 5 andozalariga mos keladigan toza dizel yonilg‘isi, aviatsiya kerosini va nafta ishlab chiqaradi.

Uch tomonlama shartnoma Uzbekistan GTL qo‘shma korxonasi uchun qator yillar mobaynida soliq imtiyozlari berilishini nazarda tutadi.

Janubiy Afrikaning Sasol shirkati ko‘mir va tabiiy gazdan suyuq yonilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha 60 yillik tarixga ega ekanini, yangi loyiha O‘zbekistonning tashqi xom neftga qaramligini kamaytirishga xizmat qilishini aytadi.

Sintetik suyuq yonilg‘i atrof-muhitga zararli chiqindilar chiqarilishini kamaytirishi va O‘zbekistonning o‘z tabiiy gazidan oladigan mahsulotlarni turfa xillashtirishi xabar qilinadi.