O‘zbekistonlik futbolchilar "O‘lim" guruhidagi ilk uchrashuvlarini g‘alaba bilan boshlashdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Futbol mutaxassislari tomonidan "O‘lim" guruhiga tushgani aytilgan O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi kecha iroqlik raqiblarini 2:0 hisobida yengib, uchinchi bosqich saralash uchrashuvlarining dastlabkisini g‘alaba bilan boshladi.

Uchrashuvning 71 va 78-daqiqalarida kiritilgan to‘plarni Temirxo‘ja Abduxoliqov va Kenja To‘rayevlar o‘z hisoblariga yozishdi.

O‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayevning aytishicha, mahalliy futbol ishqibozlari milliy terma jamoalarining kecha Toshkentning "Jar" stadionida oson kechmagan o‘yindagi g‘alabasini karnay-surnaylar va katta xursandchilik bilan qarshi olishgan:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Hozirgi bosqichda 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O‘yinlariga bor-yo‘g‘i to‘rtta yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun qit‘aning 12 ta milliy terma jamoasi kurash olib borishmoqda.

"V" guruhiga tushgan milliy terma jamoalarning kuchi deyarli bir xil ekanini nazarda tutib, har to‘rt bosh murabbiy bir ovozdan yagona yo‘llanma uchun kurashning ayovsiz bo‘lishini bashorat qilishgandi.

Xuddi shu bashoratlar kecha "V" guruhida kechgan har ikki uchrashuvda ham o‘z isbotini topmay qo‘ymadi.

O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi o‘z maydonida kechgan o‘yinda faqat ikkinchi taymga kelibgina, hisobni ochish va uni o‘z foydasiga hal qilishga qodir bo‘ldi.

Avstraliya va Birlashgan Arab Amirliklari uchrashuvida esa, hatto, hisob ham ochilmadi.

Buyog‘i nima bo‘ladi?

Uchinchi bosqich saralash bellashuvlarida Markaziy Osiyo mintaqasini faqat O‘zbekiston namoyon etmoqda.

2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O‘yinlariga yo‘llanmani naqd qilish uchun esa, qay bir milliy terma jamoa bo‘lishidan qat‘inazar, o‘z guruhida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishi lozim bo‘ladi.

Ikkinchi o‘rin bilan yakunlagan milliy terma jamoa shu yil mart oyi oxirlarida bo‘lib o‘tajak play-off bellashuvlarida ham ishtirok etadi.

Ilk g‘alabasi ortidan, hozir O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi "V" guruhida uch ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.

O‘zbekistonlik futbol mutaxassislari "O‘lim" guruhi ekaniga qaramay, unga tushgan milliy terma jamoalar bilan bemalol o‘ynash mumkinligini aytishmoqda.

Bundan tashqari, uchinchi bosqich saralash uchrashuvlarining dastlabki va yakuniy bellashuvlarining Toshkentda bo‘lib o‘tishi ham o‘zbekistonlik futbolchilarga yaxshigina qo‘l kelishi mumkin.

O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi keyingi uchrashuvini mehmonda, Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi o‘tkazadi.

Amirlik yoshlari ham Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri sanalishadi.

Ular 2008 yilda 19 yoshgacha bo‘lganlar orasida Jahon chempioni va o‘tgan yil Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo O‘yinlarining finaliga chiqish bilan o‘zlarining nimalarga qodir ekanliklarini amalda isbotlab qo‘yishgan.

Birlashgan Arab Amirliklari Olimpiya milliy terma jamoasining yutuqlarini o‘zbekistonlik murabbiylarning o‘zlari ham shaxsan e‘tirof etishmoqda.